Oʻrganishlar natijasida 2021-yil 29-dekabr kuni Romitan tumani “Qahramon” MFY, Istiqlol qishlogʻida faoliyat olib borayotgan “WBM Romitex” MCHJga qarashli paxta zavodida foydalanilayotgan elektr energiyasini hisobga olishda kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi maʼlum boʻldi.
Xususan, paxta zavodida foydalanilgan elektr energiyasini hisobga olish maqsadida, 35 kVli “Toshmachit” PSning 10 kVli yacheykasida elektr hisoblash pribori 200/5 A tok transformatorlari hamda 10000/100 V kuchlanish transformatorlari orqali ulab oʻrnatilgan boʻlib, transformatsiya koyeffitsiyenti k=4000 ni tashkil qiladi. ALFA-1700 rusumli elektr hisoblash priborining xotira blokiga tok transformatorning transformatsiya koyeffitsiyenti k=30 koʻrsatgich bilan kiritilishi natijasida, umumiy koyeffitsiyent 3000 ni tashkil qilgan. Shunga koʻra hisoblash pribori haqiqatda foydalanilgan elektr energiya miqdorini kam hisoblab kelgan. Shuningdek, oylik hisobotlar mazkur hisoblash priborining koʻrsatkichlariga asoslanib yuritilganligi sababli tekshirish kuniga qadar foydalanilgan elektr energiyasining hisobga olinmay qolgan qismi mavjudligi aniqlandi.
Aniqlangan holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, tegishli tartibda qayta hisob-kitob qilindi. Hisobga olinmay qolgan elektr energiya miqdori 2,23 mln.kVt.soat yoki 1 mlrd. soʻmdan ortiqroqni tashkil etdi. Yuqoridagi holat yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi hamda ijrosi nazoratga olindi.