Hozirgi kunda Toshkent metropolitenining barcha liniyalaridagi bekatlar yoʻl haqi toʻlovlarini yagona transport kartalari va NFC bank kartalari orqali amalga oshirish imkoniyatini beruvchi statsionar validatorlar bilan jihozlandi.

Shu bilan birga poytaxtimizda yoʻlovchilarga xizmat qilayotgan “Toshshahartransxizmat” AJga qarashli 1000 dan ortiq avtobuslarning barchasi elektron kartalar orqali toʻlovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi mobil va statsionar validatorlar bilan toʻliq taʼminlandi.

Navbatdagi bosqichda yoʻlovchilarning yagona transport kartalari orqali yoʻl haqi toʻlovlarni amalga oshirish koʻlamini kengaytirish, avtomatlashtirilgan tizimning toʻlaqonli ishlab ketish jarayonini tezlashtirish, shuningdek, jamoat transportida naqd pul muomalasidan voz kechish maqsadida 2020-yil 1-noyabrdan Toshkent metropolitenida jetonlardan foydalanish toʻxtatilishini maʼlum qilamiz.

Eslatib oʻtamiz, yagona transport kartalarining hisobini metro kassalari, oylik yoʻl chiptalarini sotish shoxobchalari, infokiosklar, barcha elektron toʻlov tizimlari, shuningdek, ATTO – mobil ilovasi orqali toʻldirish imkoniyati mavjud, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.