Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq, 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi belgilangan.
Ichki nazorat tuzilmalari korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini koʻrishga masʼul hisoblanadi.
Shunga koʻra, Agentlik direktorining “Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi 2021-yil 8-sentyabr kuni davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Nizom bilan Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari oʻz faoliyatida bevosita tashkilotning birinchi rahbariga boʻysunishi belgilandi. Bu oʻz navbatida, Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining mustaqil ravishda faoliyat yuritishini taʼminlaydi.
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi rahbarlari tegishli tashkilot tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda oʻtkaziladigan ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi.
Mazkur tuzilmalar rahbarlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining roziligisiz lavozimdan ozod etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Quyidagilar Nazorat tuzilmalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
- tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatini takomillashtirish;
- tashkilotda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga qarshi kurashish;
- tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini samarali ishlashini taʼminlash va nazorat qilish;
- korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikni olib borish.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun nizom bilan Korrupsiyaga qarshi nazorat tuzilmasiga qator huquqlar taqdim etilib, majburiyatlar yuklandi. Xususan, nazorat tuzilmasi xodimlari tekshiruvlar oʻtkazishi, hujjatlarni talab qilishi, xodimlardan yozma tushuntirishlar olishi mumkin. Tashkilot tizimida jinoyat alomatlari, xususan korrupsiya holatlari aniqlangan hollarda zudlik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri yuqori turuvchi organ, Agentlik va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beradi.
Nazorat tuzilmasi faoliyatining natijadorligi va maqsadli koʻrsatkichlari baholab boriladi.
Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki tuzilmalarning faoliyat yuritishi korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ISO37001:2016 xalqaro standarti talablariga javob beruvchi kompleks tizimni joriy etish va rivojlantirishga koʻmak beradi. Bu esa oʻz navbatida, korrupsiyaviy holatlarni barvaqt aniqlash va ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, korrupsiyaviy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hujjatlar ijrosini soʻzsiz taʼminlashga xizmat qiladi.
Maʼlumki, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlanishi holati monitoring qilib borilmoqda.
Xususan, oʻtgan vaqt davomida Agentlik tomonidan mazkur sohada masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda qator ishlar amalga oshirildi. Jumadan,
1. Barcha davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik qator maʼlumotlarini Ochiq maʼlumotlar portali hamda oʻzlarining rasmiy veb-saytlariga oʻz vaqtida va toʻliq joylashirib borishlari taʼminlanmoqda. Bunday maʼlumotlarga:
— Oʻtkazilgan davlat xaridlari;
— Mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari;
— Yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi;
— Obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlari, avtomototransport vositalarini sotib olish xarajatlari va boshqa koʻplab maʼlumotlar shular jumlasidandir.
2. Shuningdek, Respublika oliy taʼlim muassasalarining 2021/2022 oʻquv yili uchun oʻtkazilgan qabul jarayonlari Internet tarmogʻi orqali onlayn namoyish etib borildi. Xususan, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish uchun test va ijodiy (kasbiy) imtihonlar, magistratura (klinik ordinatura) bosqichiga qabul imtihonlari test2021.uz hamda imtihon.edu.uz veb-platformalari orqali efirga uzatib borildi.
3. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar hamda davlat unitar korxonalari hamda ular ishtirokidagi korxonalarga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar roʻyxati (https://davaktiv.uz/uz/menu/re...) jamoatchilik uchun eʼlon qilindi.
4. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik Ov qilish va ovchilik xoʻjaliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, Oʻrmon-ovchilik xoʻjaliklari tomonidan berilgan ovchilik yoʻllanmalari hamda undirilgan haq miqdorlari, Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan hamda Qizil kitobga kiritilmagan yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalar, Yovvoyi hayvonlarning ayrim turlariga nisbatan ov qilish uchun taqiq belgilanganligi toʻgʻrisidagi va boshqa koʻplab maʼlumotlarni Ochiq maʼlumotlar portali va Qoʻmitaning rasmiy veb-sayti orqali keng jamoatchilik uchun doimiy eʼlon qilinishi nazoratga olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon talablarini oʻz vaqtida yoki sifatli bajarmagan davlat organlari va tashkilotlariga taqdimnomalar kiritilib, ogohlantirildi.
Hozirda Agentlik masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda quyidagilarni Internet tarmogʻi orqali jonli efirga uzatilishi ustida ish olib bormoqda:
- Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari;
- Fuqarolar huquq va erkinliklari hamda jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi, aholi sogʻligʻini saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi majlislar;
- Davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bogʻliq huquqbuzarliklarga oid ishlar hamda ayrim oilaviy nizolarga oid fuqarolik ishlari boʻyicha sud majlislari shular jumlasidandir.
Shuningdek, hozirda Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodika ishlab chiqilmoqda. Mazkur qoʻllanma barcha davlat organlari va tashkilotlariga tatbiq etilishi koʻzda tutilgan. Unga koʻra, har yil yakuni boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini baholovchi reyting eʼlon qilinadi.
Brifing davomida oʻqib eshittirilgan va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan amalga oshirilgan boshqa maʼlumotlar bilan Agentlikning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali tanishishingiz mumkin.