1-oktyabrdan xavflilik darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi joriy etiladi

    Mamlakatimizda 1 Mart 2024 289

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi davlat boshqaruvini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

    Unga koʻra, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Vazirlar Mahkamasi boʻysunuviga oʻtkazildi.

    Texnik jihatdan tartibga solish sohasini raqamlashtirish orqali samaradorlik va natijadorlikka erishish, tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatiladigan davlat xizmatlari turlarini kengaytirish, shaffof va korrupsiyadan xoli samarali tizimni joriy etish Agentlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi.

    2024-yil 1-oktyabrdan ishlab chiqarilgan va chetdan olib kiriladigan xavflilik darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi joriy etiladi.

    Bunda, respublika hududiga olib kirilayotgan mahsulotlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma bojxona hududiga kelishidan avval “Yagona darcha” bojxona axborot tizimiga va Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga import qiluvchi tomonidan joylashtirilishi shart.

    2024-yil 1-sentyabrdan Inspeksiyaning davlat inspektorlariga tezkor nazorat tadbirlarini Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan oldindan kelishmasdan, oʻtkazilgan tekshiruv haqida Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatdan oʻtkazish orqali tekshiruv boshlangan paytdan boshlab 24 soat ichida Vakilni majburiy ravishda xabardor qilgan holda amalga oshirish vakolati taqdim etiladi.