Ushbu holat yuzasidan UzAuto Motors matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 3-noyabr sanasida ushbu suratda ismi keltirilgan fuqaro bilan Chevrolet avtomobilini sotib olish boʻyicha hech qanday shartnoma tuzilmagan.
Bundan tashqari, 3-noyabr kuni shartnomalar Chevrolet Lacettiʻning faqat L-Style AT Plus modeli uchun mavjud boʻlgan. Ammo, rasmda bir vaqtning oʻzida Lacetti avtomobillarining kamida 4 ta komplektatsiyasi, shu jumladan, mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan modelini ham koʻrish mumkin.
Shu bilan birga, avvalroq yaʼni 28-30-oktyabr kunlari bir qator Telegram-kanallarda ham avtomobil ishqibozlari oʻrtasida tushunmovchilik keltirib chiqarishga urinish holatlari kuzatilgan edi. Internet tarmoqlarda 30-oktyabrdan boshlab ommabop avtomobillar sotuvi boshlangani haqida xabarlar tarqaldi, bu esa aholining Chevrolet dilerlik markazlarida shartnoma ochilmasdan avval sababsiz toʻplanishiga olib kelgan.
Mazkur soxta maʼlumotga qoʻshimcha ravishda, shu kunlarda aholi oʻrtasida avtomobil uchun shartnomalar tuzish bilan bogʻliq shov-shuvlarni koʻtarishga urinish holatlari ham kuzatildi. Bunga misol tariqasida, goʻyoki dilerlik markazi xodimlari yopiq eshiklar ortidan avtomobil sotib olish boʻyicha 50 ta shartnoma tuzganligi aks etgan videotasvirlarning keng tarqalganini ham keltirish mumkin.
Kompaniya taʼkidlashicha, Chevrolet avtosalonlari bilan bogʻliq mazkur hodisa bir necha muddat avval sodir etilgan boʻlib, joriy yilning noyabr oyida ommabop avtomobillar uchun ochilgan shartnomalarga aloqasi yoʻq, buni video tasvirlardagi aholining hozirgi mavsumga mos kiyimda emasligidan bilish mumkin.
“UzAuto Motors” bunday holatlarga juda jiddiy yondashadi hamda kompaniyaga ushbu hodisa toʻgʻrisidagi maʼlumot kelib tushishi bilanoq, ushbu dilerlik markazida shartnoma tuzish tizimi darhol uzilgan. Bundan tashqari, ushbu salon rahbariyatiga nisbatan intizomiy va jazo choralari qoʻllanildi.
Shuningdek, “UzAuto Motors” kontraktatsiya boshlangani haqidagi maʼlumotlarni faqat rasmiy kanallarda eʼlon qilinishini maʼlum qildi.