Davlat bojxona qoʻmitasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boshqarmasi Andijon va Toshkent viloyatlari bojxona boshqarmalari bilan hamkorlikda oldindan olingan maʼlumotlar asosida oʻtkazilgan keng qamrovli tezkor tadbir natijasida tovar-moddiy boyliklarni bojxona nazoratidan yashirin ravishda olib kirish maqsadida amalga oshirilgan tranzit operatsiyasini fosh qilishdi.

Sodda qilib aytganda, respublikamiz hududidan tranzit tarzida olib oʻtilishi kerak boʻlgan tovarlarning ichki hududda tushirib qoldirilishiga chek qoʻyildi.

Andijon viloyati bojxona boshqarmasining “Doʻstlik” chegara bojxona posti orqali qoʻshni davlatga chiqib ketish uchun tun yarmida kelgan mana bu 2 ta yuk avtotransport vositalari belgilangan tartibda inspeksion koʻrik majmuasi orqali koʻzdan kechiriladi.

Qarangki, yuk avtotransport vositalarida olib chiqilayotgan tovarlar bilan haydovchilarning bojxonaga taqdim qilingan hujjatlarida koʻrsatilgan tovarlar oʻrtasida keskin tafovutlar aniqlanadi. Hujjatlarga koʻra, mashinalarning birida 11 turdagi, ikkinchisida esa 14 turdagi tovarlar boʻlishi lozim edi.

Ammo, bojxona koʻrigi davomida avtotransportlarga bojxona qiymati nisbatan past boʻlgan poʻkak, yelim, quruvchilar uchun maxsus kiyim va qoʻlqoplar, rezina etik va bolgʻalar ortilganini koʻrib, xulosa qilsa boʻladiki, mashinalar shunchaki boʻsh tarzda chiqib ketmasligi uchun ushbu tovarlar bilan nomigagina toʻldirilgan, xolos!

Xoʻsh, rostdan ham mazkur avtotransport vositalari respublikamizga qiymati 48 mln. 771 ming soʻmlik tovarlar bilan kirib kelganmidi degan savol tugʻiladi.

Axir, bu tovarlarni minglab chaqirim yoʻl bosib, tan narxidan ham bir necha barobarga oshib ketadigan yoʻl harajatlariga qaramay xorijdan keltirishga hojat bormidi?

Aslida mazkur avtotransport vositalari joriy yilning 16-oktyabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi «Dout ota» chegara-bojxona posti orqali yurtimizga kirib kelgan.

Kirib kelishda bojxona organlariga taqdim qilingan hujjatlar bilan inspeksion koʻrik majmuasi orqali olingan tasvirlarda bojxona xodimlarini shubhalantirgan jihatlar koʻzga tashlanmagan. Natijada, yuk avtotransport vositalari tranzit tarzida chiqib ketishi uchun “Andijon” viloyatidagi “Doʻstlik” chegara bojxona postiga yoʻnaltirilgan.

Demak, hujjatlarda koʻrsatilgan tovarlar aslida ushbu avtotransport vositalarida haqiqatdan ham boʻlgan.

Ammo, respublikamizga kirib kelishda va chiqib ketishda inspeksion koʻrik majmuasi orqali olingan tasvirlarning bir-biridan farqli ekanligini koʻrib haqli savol tugʻiladi: Hujjatlarda koʻrsatilgan tovarlar qayerda?

Olib borilgan keng qamrovli tezkor tadbir davomida bu savolga ham javob topildi. Aniqlanishicha, yuk avtotransport vositalariga ortilgan tovarlar Toshkent viloyati, Zangiota tumanida joylashgan omborlardan biriga tushirib qoldirilgan.

Mazkur omborni belgilangan tartibda koʻzdan kechirish davomida shu yerda boʻlib turgan chet ellik fuqaro ushbu yuklar oʻziga tegishli ekanligini maʼlum qildi. Ammo, ularning bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi bironta ham hujjatlarni taqdim qila olmadi.

Aniqlanishicha, mazkur yuk avtotransport vositalari tirkamalarining eshiklari ochilmagan va mavjud plombalar buzilmagan. Shunga qaramay, ularning ichidagi yuklarni almashtirish uchun tirkamalar boshqa tomonidan turib, oʻzboshimchalik bilan ochilgan.

Shu tariqa, bojxona xodimlari respublikamiz hududidan tranzit tarzida olib oʻtilishi lozim boʻlgan 24 turdagi 9113 dona tovarlarning ichki hududda tushirib qoldirilganini fosh qilishdi.

Mazkur tovarlarning umumiy qiymati esa 6 milliard 502 million soʻmni tashkil qilmoqda.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.