“Kichik biznesni rivojlantirish jamgʻarmasi” tomonidan shu kunga qadar 58 mingdan ortiq tadbirkor oʻqitilib, ular tegishli sertifikatga ega boʻldi va shu asosida biznes boshladi. Natijada 34 mingdan ortiq ish oʻrini tashkil etildi. Xoʻsh jamgʻarma tomonidan tadbirkorlarga umuman olganda qanday imkoniyat, imtiyozlar berilyapti? Ishlab chiqilgan oʻquv qoʻllanmalarida nimalar aks etgan. Matbuot anjumanida shu kabi savollarga javob berildi.
– Bugun Jamgʻarma tomonidan tadbirkorlar uchun oʻquv kurslarini tashkil etish, biznes rejalarini shakllantirishga yordam berish, loyihalarni baholash, tanlash, moliyalashtirish, kooperatsiya aloqalarini oʻrnatishga koʻmaklashish kabi 10 turdagi xizmat koʻrsatib kelinmoqda. Respublika boʻyicha biznes platformaga 186 777 nafar tadbirkorlardan – 253 240 ta onlayn ariza kelib tushgan. 9 445 ta mahalladan 40 691 nafar tadbirkorga 3 trillion 968,1 milliard soʻmlik kredit ajratildi – deydi, “Kichik biznesni rivojlantirish jamgʻarmasi”da oʻqitish ishlarini tashkil qilish boshqarmasi boshligʻi, iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori Farrux Rashidov.
Shuningdek, anjumanda 100 xil biznes loyihaga bagʻishlangan 50 turdagi oʻquv qoʻllanmasi taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Mazkur oʻquv qoʻllanmalari 5 ta yoʻnalishga ajratilgan holda, yaʼni ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi, savdo va qurilish mavzularida nashrga tayyorlangan.
Bundan tashqari biznesni noldan boshlash, loyiha tuzishni oʻrgatishga qaratilgan 35 ta video-qoʻllanma ham ishlab chiqilib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirildi va hozirda ular sonini 100 taga yetkazish maqsad qilingan.
Zulxumor AKBAROVA