1000 dan ortiq oʻquvchilari talaba boʻlgan qoraqalpogʻistonlik fidoiy ustoz

    Ta'lim 13 Sentabr 2021 2634

    Yaqinda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumanidagi 56-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 82% bitiruvchisi talaba boʻlgani haqida xabar bergandik.

    Bugun ana shu maktabning matematika fani oʻqituvchisi, 32 yillik tajribaga ega oʻqituvchi Azimbay Saparbayev faoliyati bilan sizlarni tanishtiramiz. Tajribali pedagog taʼlim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni tatbiq etib, yoshlarning intellektual salohiyatini oshiryapti.

    Oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini samarali tashkil etish va ularning iqtidorini rivojlantirish maqsadida Azimbay Saparbayev “Yosh matematiklar” toʻgaragini tashkil qilgan va unda ushbu fanga qiziquvchi 100 dan ortiq oʻquvchilar uchun qoʻshimcha mashgʻulotlar oʻtkazib keladi. Maktab oʻquvchilarini fanlar olimpiadasiga va oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga tayyorlab, yosh avlodning bilimli boʻlib voyaga yetishida munosib hissasini qoʻshyapti. Natijada izlanuvchan ustozning oʻquvchilari umumtaʼlim fanlari olimpiadasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, ustozi mehnatini maktab davridanoq oqlayapti. Jumladan, iqtidorli oʻquvchilari matematika fan olimpiadasida, shuningdek, jahon olimpiadasiga saralash bosqichiga qatnashishga muyassar boʻlib, 1-, 2- va 3-oʻrinlarni egallagan. Mahoratli pedagogdan saboq olgan oʻquvchilarining 85 foizi esa turli oliy taʼlim muassasalari talabalari boʻlib kelyapti.

    Eʼtiborlisi, tajribali ustoz birinchilardan boʻlib maktablarda variativ oʻquv reja asosida tashkil qilingan X-XI sinflarda dars mashgʻulotlarini boshlagan. Variativ sinflar boʻyicha oʻtkazilgan test natijalariga koʻra oʻquvchilari 75-78% natija koʻrsatyapti. 2020-yilda variativ sinf oʻquvchilarining 33 nafardan 29 nafari davlatimizning nufuzli oliy taʼlim muassasalariga, yaʼni 11 nafari davlat granti va 18 nafari shartnoma asosida oʻqishga qabul qilindi. Oliy taʼlimga kirish 88 foizni tashkil etib, bu natija bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasida eng oldingi oʻrinni egalladi. 2020-yil bitiruvchilarning oliy taʼlimga kirish koʻrsatkichi boʻyicha joriy etilgan rang toifasida maktab 46,2% bilan yashil maktab maqomiga ega boʻldi.

    2019-2020 oʻquv yili davomida ustoz A. Saparbayevning “Yosh matematiklar” toʻgaragida taʼlim olgan 97,3 foiz shogirdlari Oʻzbekiston Respublikasi hamda xorijiy oliy taʼlim muassasalariga talaba boʻlish baxtiga muyassar boʻldi. Ayni kunda ustozning oliy maʼlumotli shogirdlari soni 1 500 nafarga yetdi.

    Azimbay Saparbayev ilmiy-uslubiy izlanishlari asosida yaratgan “Zamonaviy darsni tashkil etish metodikasi”, “Trigonometrik tenglama va tengsizliklar sistemalari”, “Logarifmik tenglamalarni yechishning qulay usullari”, “Abituriyent uchun matematikadan test savollari”, “Kvadrat funksiyalar grafigi”, “Oʻquvchilarda mantiqiy fikrlashda matematika fanining oʻrni” kabi 12 dan ortiq oʻquv-metodik qoʻllanmalari taʼlim jarayoniga tatbiq etilgan. Muallim oʻzi yaratgan “Matematikadan olimpiada masalalari” mavzusidagi elektron dars ishlanmasi, 150 dan ortiq koʻrgazmali vositalari, murakkab mavzularni oʻqitish boʻyicha elektron slayd va plakatlardan dars mashgʻulotlarida samarali foydalanyapti.

    Izlanuvchan pedagog jonkuyar va kamtar inson sifatida hamkasblari hamda mahalladoshlari oʻrtasida hurmat qozongan. Koʻpgina koʻrik-tanlovlarda 1-oʻrinlarni egallab, faxriy yorliq va diplomlar bilan taqdirlangan.

    Darvoqe, Azimbay Saparbayev 10 dan ortiq “Temir daftarga” kirgan oʻquvchilarni bepul Oliy taʼlim muassasalariga tayyorlab, ularning talaba boʻlishiga ham oʻz hissasini qoʻshayotgan fidoiy insonlardan.

    Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati.