1000 nafar talabaga mo'ljallangan yangi bino foydalanishga topshirildi

    Poytaxtimizda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti yangi o'quv binosining ochilish marosimi bo'lib o'tdi.

    Unda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vaziri o'rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, ko'plab oliy ta'lim muassasalari rektorlari, faxriylar, ustoz va talabalar ishtirok etdi.

    Yig'ilganlar universitet jamoasi va talabalarni yangi o'quv binosining foydalanishga topshirilishi bilan tabrikladi.

    Universitetning mazkur o'quv binosi 9 qavatdan iborat bo'lib, u bir vaqtning o'zida 1000 nafar talabani o'z bag'riga sig'dira oladi. Unda koreyashunoslik va xitoyshunoslik mutaxassisliklari bo'yicha ta'lim berilishi reja qilingan.

    Ma'lumot o'rnida, bugungi kunda universitet jamoasi tarkibida 400 nafarga yaqin professor-o'qituvchi mehnat qilmoqda. Ulardan 50 nafari fan doktori, 125 nafari fan nomzodi va PhD-falsafa doktorlaridir. Bu kabi ustoz-murabbiylar qo'lida 6400 nafardan ziyod talaba tahsil olmoqda. Ularning 840 nafari magistrlardan iborat.