Kattaqoʻrgʻon tumani Yangiobod massivi hududida tadbirkor Jamoliddin Qobilov boshchiligida tashkil etilgan “Jamoliddin Klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyati ish faoliyatini boshladi. Ish boshlanishiga bagʻishlab tashkil etilgan tadbirda Kattaqoʻrgʻon tuman hokimi Aʼzamxon Baxramov, ushbu soha mutaxassislari, klaster egalari hamda Yangiobod massivi hududidagi mahalliy aholi vakillari ishtirok etdilar. Yigʻilganlar jamiyat ishiga muvaffaqiyatlar tilab, uni kelgusida yirik eksportyor korxona sifatida eʼtirof etilishiga ishonch bildirdilar.

– Maqsadimiz ushbu hududda uzumchilik rivojini yangi bosqichga olib chiqish, – deydi tadbirkor J.Qobilov. – Shuning uchun ham ishni mavjud 300 gektarga yaqin maydondagi uzumzorlarga agrotexnika talablari asosida ishlov berishdan boshladik. Yetishtirilgan mahsulotni toʻliq shu yerning oʻzida qayta ishlab, tayyorlangan mahsulotning asosiy qismini Xitoy, Rossiya va Qozogʻistonga eksport qilishga qaratilgan biznes loyiha asosida ish olib bormoqdamiz. Natijada yetishtiriladigan 1000 tonnaga yaqin uzum mahsulotidan tayyorlanadigan mayizni kamida 1 million AQSH dollariga xorijga eksport qilamiz. Kelgusida klasterchilar tomonidan uzumning serhosil va sifatli mayiz beradigan navlarini ekish, unumdorligi past darajaga kelib qolgan tokzorlarni yoshartirish ishlariga alohida eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, suv taqchilligini bartaraf qilish maqsadida barcha maydonlarda tomchilatib sugʻorish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

“Jamoliddin Klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyatining tashkil etilishi bilan Yangiobod hududidagi 400 dan ortiq xonadonda istiqomat qilib kelayotgan aholi doimiy ish bilan band boʻladi.