Joriy yil dekabr oyining oʻtgan davri davomida Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzneftgazinspeksiya” tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ishchi guruh aʼzolari ishtirokida oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida 192 ta holatda isteʼmolchilarning tabiiy gazdan noqonuniy va nooqilona foydalanish holatlariga chek qoʻyildi.

Ushbu noqonuniy holatlar natijasida davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 10,2 mlrd. soʻmni va gaz hajmi 10,2 mln. kub metrni tashkil etgan.

Maʼlumot uchun, ushbu hajmdagi tabiiy gaz oʻrtacha 17 mingga yaqin hovli uylardagi xonadonlarning kuz-qish mavsumida bir oylik isteʼmolini tashkil qiladi.

Noqonuniy foydalanish holatlari asosan Navoiy viloyatida (2,4 mlrd. soʻm), Jizzaxda (2,0 mlrd. soʻm), Buxoroda (0,9 mlrd. soʻm), Qashqadaryoda (0,267 mlrd. soʻm), Toshkent viloyatida (0,8 mlrd. soʻm) va Toshkent shahrida (0,165 mlrd. soʻm) aniqlangan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. Hamkorlikdagi nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda, deyiladi Energetika vazirligi matbuot xizmati xabarida.