Noyabrda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish ortidan tizimga 132,7 mlrd soʻmlik zarar yetkazildi

    Soʻngi bir oyda oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida isteʼmolchilar tomonidan energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgan 289 ta holat aniqlandi.

    Bu haqda “Oʻzenergoinspeksiya” maʼlum qildi.

    Unga koʻra, 26,1 mln kVt/soat elektr energiyasi (50,4 mlrd soʻm) va 27,2 mln metr kub tabiiy gaz (82,3 mlrd soʻm) talon-toroj qilinishi natijasida dastlabki hisob-kitoblarga koʻra jami 132 milliard 752 million soʻm zarar qayta hisob-kitob qilindi.

    Shuningdek, isteʼmolchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarlik boʻyicha 518 ta maʼmuriy ish rasmiylashtirildi.

    Qoidabuzar isteʼmolchilarga nisbatan belgilangan tartibda chora koʻrish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.