Asaka tuman adliya bo'limi tomonidan “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilingan qarorlar monitoring tartibida o'rganilganida, bir qator tushunarsiz holatlar aniqlangan. Bu haqida Asaka tumani adliya bo'limi axborot xizmati ma'lumotlariga tayanib xabar berilmoqda.
Unga ko'ra, Asaka tuman Xalq deputatlari Kengashining 2022-yil 13-sentyabr kungi 40-82-1-17-Q/22-sonli qarori bilan tumandagi 102 ta fermer xo'jaliklaridan 191 gektar yer maydonlarini qisman zaxiraga qaytarish to'g'risidagi arizalari hamda tuman hokimligi zaxirasida turgan 69 gektar yer maydoni jami bo'lib 260 gektar yer maydoni zaxiraga olingan.
Vaholanki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-avgustdagi PF-198-sonli Farmonida “Xususiy mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini bevosita yoki bilvosita cheklashni nazarda tutuvchi, mulkiy munosabatlarda bozor iqtisodiyoti amoyillarini to'liq joriy etishga to'sqinlik qiluvchi quyidagi tartiblar, talablar va cheklovlar 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab bekor qilinsin”, deb ko'rsatilgan.
Shunga ko'ra, tuman Adliya bo'limi tomonidan Asaka tuman Xalq deputatlari Kengashiga taqdimnoma kiritildi va mazkur taqdimnoma Kengashining navbatdagi sessiyasida qayta ko'rib chiqildi. Unda tumandagi 102 ta fermer xo'jaliklaridan 191 gektar yer maydonlarini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilishi bekor qilindi.