Sir emaski, bundan 3-4 yil avval yurtimizda tez tibbiy yordam xizmati faoliyati samaradorligi zamonaviy talablarga toʻla javob bermas, xususan, tizimda shifokor kadrlar bilan taʼminlanganlik darajasi past boʻlib, ularning malakasini oshirish borasida ham bir qator muammolar mavjud edi.

Shu bois, oxirgi yillarda mamlakatimizda sohani malakali kadrlar bilan taʼminlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Olib borilgan izchil islohotlar natijasida 2021-yilning birinchi choragiga kelib, tez tibbiy yordam xizmatida faoliyat olib borayotgan shifokorlar soni 12 ming 826 nafarni, taʼminlanganlik darajasi 89 foizni tashkil qilmoqda.

Jumladan, Namangan va Buxoro viloyatlari 100 foiz, Samarqand viloyati 98 foiz, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Andijon viloyatida 97 foizni tashkil qilmoqda.

Maʼlumki, “tez yordam” xizmatida reanimatolog-shifokorlarning alohida oʻrni bor. Shunisi quvonarliki, keyingi yillarda bu yoʻnalishda ijobiy koʻrsatkich qayd etilib, sohaning reanimatolog-shifokorlar bilan taʼminlanganlik darajasi ortib bormoqda.

Jumladan, ayni paytda “103” xizmati reanimatolog-shifokor bilan qariyb 63 foizga taʼminlangan. Bu borada eng yaxshi koʻrsatkich Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlariga toʻgʻri kelib, mazkur hududlarda “tez yordam” xizmati toʻliq ushbu mutaxassislar bilan taʼminlangan.

Shu bilan birga, 2021-yilning shu davriga kelib, sohada mehnat qilayotgan oʻrta tibbiyot xodimlari 28 ming 336 nafar, taʼminlanganlik darajasi esa 97 foizni tashkil qilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, fuqarolarimiz salomatligi yoʻlida kunu tun xizmat qilayotgan tez tibbiy yordam xizmati shifokorlari aholiga bepul asosda yuqori malakali tez va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatib kelmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.