Yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, joylarda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilishga, yosh tadbirkorlarning istiqbolli gʻoyalari va loyihalarini roʻyobga chiqarishga, shuningdek, ularni yuksak maʼnaviyatli, zukko, bilimdon, yurt taqdirini oʻz zimmasiga olishga qodir avlod sifatida voyaga yetkazish uchun zarur shart-sharoitlar muhayyo qilinmoqda.

Shu munosabat bilan Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tashabbusi, “Zarafshon Golden Group” kompaniyasi rahbari U.Fayziyev koʻmagida, “Yoshlar kelajagimiz” jamgʻarmasi Navoiy viloyat filiali hamkorligida “1+1” dasturi doirasida yoshlarga kelajakda munosib ish joyini topishlariga koʻmaklashish hamda yirik tadbirkorlik subyektlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, tadbirkorlikka ishtiyoqi bor ishsiz yoshlar ishtirokida “Zarafshon Golden Group” kompaniyasining eng oxirgi texnologiyalar asosida qurilgan yirik ishlab chiqarish zavodlari hamda hozirgi zamon talablariga mos ravishda ishlab chiqarilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga moʻljallangan issiqxonalarga sayohat uyushtirildi.

Sayohat davomida mazkur kompaniya tomonidan ishlab chiqarilib chet davlatlarga eksport qilinayotgan har xil turdagi qurilish materiallarining ishlab chiqarish bosqichlari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, gul koʻchatlarining parvarishlash jarayonlari kompaniya mutaxassislari tomonidan tushuntirib borildi.