1,1 mlrd soʻmlik gaz kondensatini talon-toroj qilgan 5 nafar shaxs qoʻlga olindi

    “Epsilon Development company” MCHJ shaklidagi xorijiy korxonaga tegishli gaz kondensati quvurini teshib, joʻmrak oʻrnatish orqali 8,9 tonna kondensat yoqilgʻisini oʻgʻirlab chiqqan vaqtda daliliy ashyolar bilan ushlandi.

    Joriy yil 25-yanvar kuni oʻtkazilgan tezkor tadbirda 5 nafar fuqarolar oʻzaro jinoiy guruh tashkil qilishib, Nishon tumani “Shirinobod” mahallasi hududidan kesib oʻtuvchi “Epsilon Development company” MCHJ shaklidagi xorijiy korxonaga tegishli gaz kondensati quvurini teshib, joʻmrak oʻrnatish orqali qiymati 17,4 mln soʻmlik 8,9 tonna kondensat yoqilgʻisini oʻgʻirlab chiqqan vaqtda daliliy ashyolar bilan ushlangan.

    Bu haqda Bosh prokuraturaning matbuot xizmati maʼlum qildi.

    Olib borilgan tekshiruv harakatlari davomida mazkur jinoiy guruh tomonidan jami 1,1 mlrd. soʻmlik 568,5 tonna gaz kondensati yoqilgʻisi talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

    Mazkur holat yuzasidan Qarshi ixtisoslashtirilgan prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 5 nafar shaxs protsessual tartibda ushlangan.

    Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.