Xususan, Bojxona qo‘mitasining Toshkent shahar va Toshkent viloyati bojxona boshqarmalari tezkor tuzilmalari tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar davomida qiymati qariyb 1,9 mlrd so‘mlik 110 tonnaga yaqin guruchning noqonuniy eksport qilinishiga chek qo‘yildi.
Dastlab, joriy yilning 21–22-sentabr kunlari “Yallama” chegara bojxona posti orqali xorijga chiqib ketayotgan 8 ta yuk avtotransport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, tirkamalarga ortilgan quruq mevalar orasida hujjatlarda umuman qayd etilmagan 45 tonna 275 kilogramm “devzira”, “lazer” va “alanga” navli guruch borligi aniqlandi. Mazkur tovar-moddiy boyliklarning qiymati qariyb 680 mln so‘mni tashkil qildi.
Shuningdek, 21-sentabr kuni “Chuqursoy texnik idora” temir yo‘l chegara bojxona postida ham quruq mevalar yuklangan vagonlar tekshirilganda, 64,4 tonna guruchni yashirincha eksport qilishga urinish fosh etildi.
Tekshiruvlar davomida yana 4,5 tonna gilvata, qariyb 6,5 tonna olxo‘ri qoqisi hamda 500 kilogramm holva tovarlari ham hujjatlarda ko‘rsatilmagani maʼlum bo‘ldi. Ushbu tovarlarning umumiy qiymati 1,4 mlrd so‘mdan ziyod ekani aniqlandi.
Tekshiruvlar jarayonida har ikki holatda ham xorijga noqonuniy ravishda olib chiqilmoqchi bo‘lgan guruch Farg‘ona viloyatidagi tadbirkorlik subyektlaridan biriga tegishli ekani maʼlum bo‘ldi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Maʼlumot uchun, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida bojxona organlari tomonidan aniqlangan 30 ta holatda qiymati 5,5 mlrd so‘mlik 405 tonna guruchning bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishi va yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan.