Oʻzbekiston Recpublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi tomonidan 2021-yilning aprel oyida “English for Science” loyihasining 2-fasli tanlovi eʼlon qilindi. Unda 1167 nafar nomzod ishtirok etish istagini bildirdi. Tanlov jarayonlari 3 bosqichdan iborat boʻlib, birinchi bosqich onlayn soʻrovnomada talabgorlardan 636 nafari ikkinchi bosqichga tavsiya etildi. Ikkinchi bosqich shartlariga binoan talabgorlar bilan ingliz tilida suhbat oʻtkazildi va natijalarga koʻra 240 nafar nomzod tanlab olindi. Uchinchi bosqich, “Ilmiy tadqiqotlar mavzusi yuzasidan ingliz tilida taqdimot” natijalariga koʻra 200 nafar talabgor “English for Science” dasturiga muvaffaqiyatli qabul qilindi.

Qabul qilingan talabgorlarning 68 nafari ijtimoiy yoʻnalishda, 53 nafari, tibbiyot yoʻnalishida, 33 nafari axborot texnologiyalari, fizika va matematika yoʻnalishida, 32 nafari biologiya, geologiya, agrotexnologiya yoʻnalishida hamda 14 nafari kimyo yoʻnalishida ilmiy faoliyat olib borayotgan tinglovchilardir.

Tinglovchilarga 9 oy davomida III bosqichdan iborat dastur asosida darslar tashkillashtirilgan boʻlib, I bosqich – “General English”, yaʼni tinglovchilarning bilim va koʻnikmalari mustahkamlab olindi.

II bosqich – “Academic writing”. Unda ishtirokchilar 4 oy davomida ilmiy maqolalar tayyorlash boʻyicha kichik guruhlarda shugʻullandi. Ushbu bosqich natijalari boʻyicha ishtirokchilar tomonidan jami ingliz tilida 50 dan ortiq maqola, 39 ta tezis nashr qilinib, 8 nafar ishtirokchi xorijiy davlatlarda ilmiy-amaliy malaka oshirish dasturlarida qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi.

III-bosqichda tinglovchilar – “Grants and Scholarships” boʻyicha 2 oy davomida koʻnikmalarni mustahkamlashdi. Unda ishtirokchilar oʻzlarining ilmiy ishlanmalarini tijoratlashtirish boʻyicha xalqaro grant dasturlariga ariza topshirish koʻnikmalarini egalladi. Bu bosqich yakunlari boʻyicha tibbiyot, iqtisodiyot va ijtimoiy gumanitar soha, muhandislik yoʻnalishlarida faollik kuzatildi, bir nechta grant dasturlariga arizalar topshirildi.

Tinglovchilar uchun xalqaro tajribaga ega mutaxassislar hamkorligida amaliy mashgʻulot va maʼruzalar tashkil etildi. Yuqori impakt faktorga ega jurnallarga ilmiy maqolalarni tayyorlash va taqdim etish boʻyicha xalqaro tajribaga ega boʻlgan mahalliy olimlarimiz, “Springer Nature" vakillari, “Clarivate Analytics” kompaniyasi xalqaro ekspertlari, Ogayo universiteti mutaxassislari, Erasmus+ Milliy ofisi vakillari bilan amaliy mashgʻulot va seminarlar tashkil etildi.

Oʻzbekistonlik tadqiqotchi olimlar English for Science 2021 loyihasining yil yakunlari boʻyicha, akademik ingliz tilidan oʻz bilim va koʻnikmalarini oshirishga muvaffaq boʻlgan 200 nafar ishtirokchilar tomonidan shu paytga qadar xalqaro jurnallarda 229 ta maqola chop etildi, xalqaro konferensiyalarga 183 ta tezislar yozildi, xalqaro grantlarga 100 ta ariza topshirildi.

Taʼkidlash joizki, ushbu loyiha “Scopus” va “Web of Science” xalqaro ilmiy maʼlumotlar bazalarida indekslanadigan ilmiy jurnallarda chop etilgan maqolalarda Oʻzbekistonning ulushi sezilarli darajada ijobiy tomonga oʻzgarib, 2030-yilgacha boʻlgan davrda ilm-fanni rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishishga xizmat qiladi. Joriy yilda ham mazkur dastur oʻz ishini davom etadi. Endilikda “English for Science” loyihasini nafaqat poytaxtda, balki viloyatlarda pilot dasturi koʻrinishida oʻqituvchilar malakasini oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, dasturni masofaviy oʻqitish tizimi orqali tashkil etish maqsadida elektron platforma ham yoʻlga qoʻyiladi.