Koronavirus infektsiyasi tarqalishini oldini olish bo'yicha bir qator cheklovlar kiritilishi bilan bir qatorda, fuqarolarning ijtimoiy himoyasi bo'yicha tegishli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27 aprel` kungi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmonida pensiyalar to'g'ri tayinlanishi hamda to'lanishi bo'yicha tekshirishlar natijasida aniqlangan, ortiqcha to'langan pensiyalar bo'yicha 2020 yil 20 aprel` holatiga pensionerlarning qarzdorlik summasini hisobdan chiqarish belgilangan.
Topshiriq ijrosini ta'minlash yuzasidan Pensiya jamg'armasi hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo'limlarida pensiyalarni tayinlanishi va to'lanishi bo'yicha o'tkazilgan tekshirishlar natijasida aniqlangan ortiqcha to'lovlarni qayta xatlovdan o'tkazish bo'yicha ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh tomonidan pensiyalarni tayinlanishi va to'lanishi bo'yicha o'tkazilgan tekshirishlar natijasida aniqlangan ortiqcha to'lov ya'ni, qarzdorliklari mavjud fuqarolar ro'yxatlarining to'g'ri shakllantirilganligi hamda ortiqcha to'lovlar va qoldiq miqdorlarini to'g'ri hisoblanganliklari bo'yicha batafsil o'rganib chiqildi.
O'tkazilgan o'rganishlar yakuniga ko'ra, respublika bo'yicha jami 12 894 nafar fuqaroning 20 millard so'mdan ortiq qarzdorlik summalari hisobdan chiqarildi. SHuningdek, joriy yilning may oyi to'lov ro'yxatlarida ushbu fuqarolarning pensiyalaridan aniqlangan ortiqcha to'lovlar chegirmalarsiz to'liq miqdorda to'lab berilishi ta'minlandi.
Bundan tashqari joriy yilning 20 aprelida Adliya vazirligining “Pensiya ishlarini rasmiylashtirish va yuritish tartibi hamda pensiya xujjatlarining shakllari va ularni to'ldirish qoidalari” to'g'risidagi yo'riqnomasiga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi.Unga ko'ra, joylarda aholiga davlat xizmatlari ko'rsatilishida sansalorlik va boshqa ma'muriy to'siqlarni bartaraf etish hamda ularga qulayliklar yaratishni kuchaytirish maqsadida fuqarolar tomonidan boquvchisini yo'qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini tayinlashda vafot etgan boquvchi qaramog'ida bo'lgan oila a'zolari to'g'risida yashash joyidan ma'lumotnoma taqdim qilish tartibi bekor qilindi.
Lutfulla Suvonov,
“YAngi O'zbekiston” muxbiri