12 ta xalqaro kompaniya Gʻuzor quyosh fotoelektr stansiyasini qurishga ariza berdi

    Energetika 22 Aprel 2022 2548

    Energetika vazirligi Xitoy, BAA, Rossiya, Turkiya, Fransiya, va boshqa davlatlar kompaniyalaridan Gʻuzor quyosh fotoelektr stansiyasini (QFES) qurish loyihasi boʻyicha tenderning birinchi bosqichida (Malaka soʻrovi – RFQ) ishtirok etish uchun arizalarni qabul qildi.

    Vazirlikning xabar berishicha, xalqaro kompaniyalardan ushbu tenderda ishtirok etish uchun jami 12 ta ariza kelib tushgan.

    Loyiha Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida energetika, investitsiyalar va tashqi savdo, moliya vazirliklari va Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyiha Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida quvvati 300 MVt gacha boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurishni nazarda tutadi.

    Tenderda ishtirok etishni xohlovchilarning barchasi uchun ochiq kirishda malaka soʻrovi taqdim etildi. Tender komissiyasi ishtirokchilardan takliflar kelib tushgandan soʻng, qabul qilingan takliflarning toʻliqligi va maqsadga muvofiqligini baholaydi, shundan soʻng malakali ishtirokchilarning “qisqa roʻyxati” eʼlon qilinadi, ular keyinchalik tenderning ikkinchi bosqichiga (Takliflar soʻrovi – RFP) qoʻyiladi.

    Eslatib oʻtamiz, loyiha Oʻzbekiston hukumati tomonidan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) koʻmagida amalga oshirilayotgan umumiy quvvati 1 GVt boʻlgan quyosh fotoyelektr stansiyalarini qurish boʻyicha ikkinchi dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.