Bir necha yillik harakat natija berdi
Boyovut tumanidagi maktab direktorining ishi chindan katta tashabbus. Yirik xalqaro loyiha grantini yutib olib, maktab binosini toʻliq zamonaviy va ekologik toza isitish tizimiga oʻtkazish juda koʻp saʼy-harakat talab qiladi. Boshqa tomondan, ekologik toza issiqlik manbaini yetkazib beruvchi bu texnologiya (Chiller) yurtimiz amaliyotida yangilik va hozircha faqat ana shu 19-maktabda mavjud. Direktor bilan telefon orqali muloqot qilganimda xalqaro grant yutib olish oson boʻlmagani, zamonaviy texnologiya 7-8-yillik saʼy-harakatlar mahsuli ekanini aytib berdi.
— Jarayon bundan 7-yil oldin boshlangandi, — deydi Boyovut tumanidagi 19-maktab direktori Muhtaram Hasanova. — Internet tarmogʻi orqali BMTning Global ekologik jamgʻarmasining qator loyihalari bilan tanishib chiqib, ular orasidan oʻzimizga mosini izlay boshladik. Bu loyihalarning aksariyati atrof-muhitni ifloslantirmaydigan texnologiyalarni qoʻllashga qaratilgani bizga maʼqul boʻldi. Tegishli manzilga qayta-qayta elektron xat yuborib, ularning savollariga javob berdik, qoʻyilgan talablarni bajardik. Ammo yillar davomida ular ham, biz ham oʻzimizga mos texnologiyani topishga qiynaldik. Oxiri 120 kunlik qish tarixini tayyorladik. Yaʼni 120 kun davomida hududimizdagi havo haroratini oʻlchab, maktabni isitish uchun qancha koʻmirdan foydalanilishi, qanchasi yaroqsizga chiqishi boʻyicha oʻrganishlari-mizni taqdim qildik. Sinfxonalardagi havo harorati koʻpi bilan 15 darajaga yetishini ham koʻrsatdik. Xullas, maqsadimizga yetmaguncha toʻxtamadik. Nihoyat xalqaro jamgʻarma bizga Xitoyning innovatsion isitish tizimini taklif qildi. U 1 kilovatt elektr energiyasini olib, oʻzida suvni isitish hisobiga 4 kilovatt elektr energiyasi darajasiga yetkazib beradigan “aqlli” issiqlik nasosi edi. Grantni qoʻlga kiritganimizdan keyin 2023-yilda maktab binosiga zamonaviy isitish tizimi oʻrnatildi. Oʻsha yilning qish mavsumidayoq yangi texnologiya samarasi sezildi. Maktab binosida issiqlik toʻliq taʼminlandi. Sinfxonalardagi yuqori harorat 20-22, eng quyi koʻrsatkich 18 darajaga yetdi. Issiqlik nasosining ekologik toza texnologiya deyilayotgani boisi shuki, qurilma odatdagi isitish tizimlari kabi gaz yoki boshqa yonilgʻilar hisobiga ishlamaydi, suv va elektr toki asosida issiqlik yetkazib beradi. Foydalanilgan vaqtda atrof-muhitga hech qanday salbiy taʼsiri yoʻq. Oʻzidan zararli gaz chiqarmaydi. “Aqlli” texnologiya boshqa koʻplab funksiyalar bilan ham boyitilgan. Qurilma atrofdagi havo haroratini doimiy oʻlchaydi va bino ichidagi issiqlikni shunga moslab avtomatik taʼminlaydi. Masalan, tashqarida havo harorati pasaygani sari koʻproq issiqlik bersa, harorat koʻtarilganda, aksincha, issiqlikni kamaytiradi. Shu jihatdan tejamkorligi ham yuqori. Qolaversa, texnologiya kerakli funksiyalar orqali toʻldirilgan suv hajmi, issiqlik darajasi va hokazolarni koʻrsatib turadi. Xullas, foydalanuvchini ortiqcha ovora qilmaydi.
Asosiysi, maktab binosi issiq, bolalarning bemalol taʼlim-tarbiya olishi uchun yana bir qulay sharoit yaratildi. Avval maktab binosi mahalliy isitish tizimiga ulangan va harorat yetarlicha taʼminlanmagan. Qattiq sovuq boʻlgan vaqtlarda-ku, oʻquvchilar qalin kiyimlarda oʻtirishiga toʻgʻri kelgan. Ayniqsa, koʻmirning dimoqni achishtiradigan hidiga chidashga majbur boʻlgan. Hozirgi zamonaviy issiqlik nasosining esa bor-yoʻqligi ham bilinmaydi, lekin bino doim bir maromdagi issiqlikka ega. Endi sovuq mavsumda isitish muammosi bu maktab jamoasini qiynamayapti.
Taʼlim sohasida uzoq yillardan beri faoliyat yuritayotgan maktab direktori — “Mehnat shuhrati” va “El-yurt hurmati” ordenlari sohibi Muhtaram Hasanovaning maqsadi ham shu edi. Maktabda oʻqitish sifatini oshirish bilan birga oʻquv-chilarning shinam, issiq, barcha sharoitga ega xonalarda oʻqishi uchun intilayotgan pedagog bilan gaplashib, davlatimiz rahbarining “Mana, fidoyilik...” degan soʻzlari ayni topib aytilganiga amin boʻldik. Muhtaram opaning yillar davomidagi faoliyati va uning koʻksiga taqilgan ordenlar ham ana shu fidoyilik timsoli, aslida.
— Maktab — taʼlim-tarbiya maskani. Bu maskanda har bir oʻgʻil-qiz toʻlaqonli bilim olishi uchun taʼlim mazmuni boy boʻlishi barobarida, oʻquvchi va oʻqituvchi-larga qulay sharoit kerak. Qulay sharoit esa, birinchi navbatda, yorugʻ, shinam va qishda issiq sinfxonalardir. Oʻquvchilar issiq xonalarda oʻqishi kerak. Shunda bi-limni yanada yaxshi oʻzlashtiradi. Tashqa-ridagi sovuqdan kelib, yana sovuq xonaga kiradigan bolaning xayoli darsda boʻlishi qiyin. Buni koʻp yillik tajribamdan ke-lib chiqib aytyapman. Afsuski, shu masala asosiy muammolarimizdan biri boʻlib kelgan, — deydi direktor. — Taʼlim muassasamizda 425 oʻquvchi tahsil oladi. Xalqaro grantni yutib olib, maktabimizga zamonaviy issiqlik nasosi oʻrnatilgach, oʻquvchilarning bilimida ham sezilarli oʻzgarishlar kuzatila boshladi. 2024/2025 oʻquv yilida oʻgʻil-qizlarimiz turli fan olimpiadalarida faol qatnashdi. 21 oʻquv-chimiz ona tilidan milliy sertifikat ol-gan boʻlsa, koʻpi chet tilini bilish darajasi boʻyicha sertifikat olishga tayyorgarlik koʻryapti. Bu yilgi 38 bitiruvchimizning yarmidan koʻpi allaqachon oliygohlarga oʻqishga kirish yoʻllanmasiga ega.
Ortgan elektr tokidan boshqa maktablar ham foydalanadi
Boyovut tumanidagi 19-maktabning za-monaviy isitish tizimidan xabar topgan qoʻshni viloyatlardagi maktablar direk-torlari ham kelib, ekologik toza issiqlik manbai yetkazib beruvchi issiqlik nasosi (Chiller)ning ishlashini oʻrganyapti, texno-logiyaga qiziqish bildiryapti. Muhtaram opa esa BMTning yana boshqa — quyosh pa-nellari oʻrnatish loyihasi grantini ham yutib olgan. Shu kunlarda uni ishga tushi-rish jarayoni avjida. Hafta oxirigacha qu-rilma toʻliq oʻrnatiladi.
Gap shundaki, maktabdagi zamonaviy issiqlik nasosi elektr toki bilan ishlaydi va koʻproq elektr energiyasi talab qiladi. Buni qoplash uchun direktor xalqaro tashkilotning boshqa loyihasida ishtirok etdi va gʻolib boʻldi. Loyihaga koʻra, maktab binosiga quvvati 100 kilovattli quyosh paneli oʻrnatilyapti. Qurilma kelasi oy boshidan ishga tushirilishi kerak. Bu orqali taʼlim muassasasini yoritish ham, issiqlik taʼminoti ham toʻliq muqobil energiyaga oʻtadi.
Maktab jamoasi bundan tejab qolinadigan xarajat va topiladigan daromadni ham chamalab koʻrdi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, ushbu muqobil energiya manbai ishga tushirilganidan soʻng soatiga 100 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarilsa, bu bir kunda taxminan 800 kilovatt elektr tokiga aylanadi. Tarmoqqa qaytarilgan ortiqcha elektr energiyasi tumandagi 55 ta umumtaʼlim maktabining bir oylik isteʼmol zaxirasini taʼminlashga yetadi. Bu — shuncha maktabni isitish uchun bir mavsumda sarflanadigan 90 tonna koʻmir tejab qolinadi, degani.
Qolaversa, maktab jamoasi ehtiyojidan ortgan elektr energiyasini davlatga sotish haqida ham oʻylayapti.
Aytishlaricha, quyosh paneli yiliga 300 ming kilovattgacha elektr toki ishlab chiqarsa, shuning yarmi maktab ehtiyojini toʻliq qoplaydi, qolganini esa sotish mumkin. Olingan daromad maktab-ning boshqa xarajatlarini qoplashga yoʻnaltiriladi.
Ochigʻi bunday loyihalarni amalga oshirish ancha harajat talab qiladi.
Boyovut tumanidagi 19-maktab direktori Muhtaram Hasanova esa har qanday ishni uddalash mumkinligini oʻz tajribasida koʻrsatdi. Mamlakatimiz “yashil” iqtiso-diyotga oʻtish yoʻlida faol harakatlanayot-gan hozirgi vaqtda bunday loyihalar ayni muddao. Ana shunday tashabbuslarni qoʻl-lab-quvvatlash, yangi quvvatlarni koʻproq jalb qilish, iqtisodiy va ijtimoiy jab-hada muqobil energiya manbalari ulushini oshirish bu yil yanada jadallashadi.
Boisi, davlat dasturidagi eng katta yoʻnalishlardan biri energetika bilan bogʻliq. Keyingi yillardagi qatʼiy hara-katlar tufayli mamlakatimizning jami quvvatida “yashil” energiya ulushi 16 foizga yetkazilgan boʻlsa, joriy yilda uni 26 foizga chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun yana 3,5 gigavattli 16 ta yirik quyosh va shamol stansiyaci, 160 megavattli 5 ta yirik GES va 1,8 gigavattli energiya saqlash quvvatlari ishga tushiriladi. Davlat korxonalari, sanoat va xizmat koʻr-satish majmualari hamda xonadonlarda quyosh panellari oʻrnatishni ragʻbatlanti-rish davom ettiriladi. Buning uchun zarur mablagʻ ajratish ham belgilangan.
Maqsadimiz atrof-muhitni asrash, global ekologik muammolarga qarshi sa-marali kurashish, tabiiy manbalardan oqilona foydalanish ekan, bu yoʻlda yangi tajribalarni oʻrganish, zamonaviy tex-nologiyalarni qoʻllash muhim yoʻnalish-lardan boʻlib qoladi. Maktab direktori Muhtaram Hasanova boshlab bergan ta-shabbus esa “Boyovut tajribasi” sifatida keng ommalashtiriladi. Biz yaqin yillar-da uning natijalari haqida yana yozamiz.
Iroda TOSHMATOVA,
«Yangi Oʻzbekiston« muxbiri