–“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan energiya resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni taʼminlash maqsadida amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 135 million kilovatt soat elektr energiyasi tejalib, reja 107 foizga bajarildi.
Tizim korxonalarida elektr energiyasi isteʼmoli samaradorligini oshirish maqsadida 27,2 MVt quyosh fotoelektr stansiyasi, 113,9 ming litr quyosh suv qizdirgichi, 13 ming 235 dona svetodiodli lampa, 1 ming 951 dona quyosh panelli yoritish chirogʻi va 1 ming 103 dona sensorli datchik hamda 4 ming 696 metr kvadrat gofra paneli oʻrnatildi.
Tabiiy gaz yoqilgʻisini tejashga qaratilgan tadbirlar natijasida 57 million metr kub tabiiy gaz yoqilgʻisini tejashga muvaffaq boʻlindi. Bu rejaga nisbatan 120 foizga koʻp natija demakdir.
Tabiiy gazni tejash maqsadida seolitli tozalash va quritish qurilmalari, oltingugurt olish qurilmalari, qozonxonalardagi bugʻ qozonlarini issiq zaxiraga toʻxtatish orqali gaz sarflanishini tejash va bugʻ ishlatish samaradorligini oshirishga qaratilgan choralar amalga oshirildi.
Ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish va optimallashtirishga katta eʼtibor berish natijasida nafaqat energiya sarflari kamaytirildi, balki atrof-muhitga boʻlgan taʼsir ham minimallashtirildi.
Bundan tashqari, Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli Shoʻrtan konida ishga tushirilgan ikkita quduq va qurilayotgan ikkita quduqning kichik kompressor stansiyalari tashqi elektr taʼminoti uchun yangi 110 kV havo tarmogʻi va 110/35/6 kV “Shoʻrtan-40” podstansiyasi qurilib ishga tushirildi. Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli Somontepa konida tashqi elektr taʼminoti uchun yangi 110 kV havo tarmogʻi va 110/6 kV “Somontepa” podstansiyasida qurilish-montaj ishlari qariyb 95 foizga bajarildi.