O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi “2030 yilgacha bo'lgan davrda O'zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi Farmoni asosida 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrga qadar davlat o'rmon fondiga kirmaydigan qimmatbaho daraxtlar va butalar navlarining kesilishiga moratoriy joriy etilgan edi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan matbuot anjumani ushbu moratoriy davrida amalga oshirilayotgan ishlar tafsilotlariga bag'ishlandi. Unda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi, O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi va OAV vakillari ishtirok etdi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari Narzulla Oblomuradov hududlarni ko'kalamzorlashtirish, shuningdek, qimmatbaho daraxtlar va butalar navlari kesilishining oldini olish bo'yicha moratoriy davrida amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risida axborot berdi.

Ma'lum qilinishicha, moratoriy davrida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 4018 ta (10 oylik holatiga ko'ra) murojaat kelib tushgan bo'lib, 188 943 tup davlat o'rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish uchun ruxsat so'ralgan. Jami 134 232 tup (71 foiz) daraxt va butalar, shundan 65 105 tup sharq chinori, eman, qrim qarag'ayi, chinorsimon zarang, eldor qarag'ayi, kashtan, shumtol, turang'il va boshqa 20 turdan ortiq qimmatbaho daraxt va butalar kesilishining oldi olingani ham murojaatlarni ko'rib chiqishga qay darajada jiddiy yondashilganidan dalolat beradi.

Moratoriy munosabati bilan olib borilgan davlat ekologik nazorati tadbirlari natijasida esa joriy yil 20 noyabr` holatiga ko'ra, jami 3897 ta qonunbuzarliklar aniqlanib, 4316,1 mln. so'm miqdorida belgilangan jarimaning 2757,4 mln. so'mi undirildi.

Undirilmagan jarima va tabiatga etkazilgan zararni undirish maqsadida 338 ta holat bo'yicha (6913,1 mln. so'm) to'plangan hujjatlar tegishli organlarga (sud, prokuratura, MIB, IIB) kiritildi. Qonunbuzarlik sodir etgan shaxslarga 17 ta holat yuzasidan jinoiy ish qo'zg'atilgan.

Aniqlangan huquqbuzarliklarga ko'ra, jami 2298 metr kub buta, 7854 dona daraxt, shundan, 3307 dona qimmatli va 4547 dona kam qimmatli daraxtlar noqonuniy ravishda kesilgan. Huquqbuzarlardan 121 ta aslahalar ashyoviy dalil sifatida olib qo'yilgan.

Huquqbuzarliklarning 167 tasi mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan. Xususan, Sirdaryo tumani hokimining o'rinbosari tomonidan 11,7 mln. so'm hamda Yakkasaroy tumanida “Vuildinig and Supplies” qurilish korxonasi tomonidan 81 tup daraxtlar kesilganligi natijasida 630,4 mln. so'm miqdorida tabiatga zarar etkazilgan.

Xulosa o'rnida aytish mumkinki, mazkur moratoriyning joriy etilishi avvalo hududlarda daraxtlar va butalarni muhofaza qilishni mustahkamlashga, ekologik holatning yaxshilanishiga, qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda daraxtlar kesilishi bilan bog'liq salbiy chiqishlarni kamaytirishga ham xizmat qilmoqda.

Munojat MO'MINOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri