Vaziyatni joyida oʻrganish maqsadida viloyat hokimi Adiz Boboyev tegishli tashkilotlar vakillari bilan birga Samarqand shahridagi Chuquryoʻl koʻchasida boʻldi. Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati xabar qildi.
Oʻrganishlar davomida viloyat hokimi hududdagi yigʻilib qolgan suvni bartaraf etish, suvni chiqarib yuborish tizimini yaxshilash hamda kelgusida bunday holatlarning oldini olish boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berdi.
Viloyat rahbari Samarqand shahrining Namozgoh koʻchasida ham boʻlib, ushbu hududdan oʻtuvchi Maroqand arigʻida chiqindilar va turli tiqinlar yigʻilib qolgani sabab yomgʻir suvlari koʻchaga toshib chiqqanini qayd etdi. Ayni paytda bu yerda ham tozalash va bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Hokim masʼul idoralar va kommunal xizmatlar vakillariga bunday holatlar takrorlanmasligi uchun tizimli choralar koʻrish, suv oqimi yoʻllarini doimiy nazorat qilish va tozalash ishlarini kuchaytirish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Samarqand shahrida suv toʻplanish holatlarini bartaraf etish ishlariga Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining suv tortuvchi 20 dan ortiq maxsus texnikasi jalb qilingan.