Oʻzyoʻlinspeksiyaga joriy yilning yanvar-sentyabr oylari davomida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan jami 474 ta murojaat kelib tushgan. Mazkur koʻrsatkich 2021-yilning shu davriga nisbatan 45 foizga oshgan.
Kelib tushgan murojaatlarning 133 tasi avtomobilʼ yoʻllaridan foydalanuvchilardan boʻlib, ularning har biri hududiy davlat inspektorlari tomonidan, manfaatdor tomonlarning vakillari ishtirokida koʻrib chiqildi va natijasi boʻyicha qator tadbirlar amalga oshirildi.
Jumladan, 61 ta murojaat boʻyicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha 80 ta koʻrsatma berildi. Koʻrsatma talablarini muddatida bartaraf etmagan 5 ta holat yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar qoʻllash boʻyicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborildi. 15 ta holat boʻyicha 1 mlrd. 576 mln. 675 ming soʻm miqdoridagi sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlarini hisobotdan chiqarish boʻyicha buyurtmachilarga talabnoma kiritildi.
Sodda qilib aytganda, shuncha miqdorga baholangan, lekin amalda sifatsiz bajarilgan qurilish va taʼmir ishlari pudratchilar tomonidan, ularning oʻz mablagʻlari hisobidan meʼyoriy hujjatlar talablari asosida qayta bajartirildi.
Bundan tashqari, 2 ta holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 147-moddasi 1-qismi boʻyicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. 70 ta murojaatga binoan yoʻl obyektlarining sifat koʻrsatkichlari aniqlanib, mazkur obyektlarni endilikdagi taʼmirlash dasturlariga kiritish yuzasidan hokimliklar, avtomobilʼ yoʻlini balansida saqlovchi tashkilot hamda tegishli sektor rahbarlariga takliflar kiritildi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi Qonunning 9-moddasiga asosan, koʻtarilgan masalalarni joylarda oʻrganish boʻyicha sayyor qabullarni tashkil etish yuzasidan viloyatlarda sayyor qabullar oʻtkazib kelinmoqda.
Xususan, 2022-yil 26-avgust kuni Namangan viloyati Chortoq tumani Saroy MFY madaniyat saroyida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qator murojaatlarlari tinglandi. Ularning ijrosini taʼminlash boʻyicha tegishli hujjatlar qabul qilinib, tilga olingan masalalar hududiy davlat inspektorlarining qatʼiy nazoratiga olindi.
Shuningdek, hozir tilga olinganlardan tashqari, inspeksiya tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari koʻrib chiqilishi yuzasidan amaliy oʻquv seminar-trening oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi. Xuddi shunday oʻquv seminar-treninglari Namangan, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida ham oʻtkazildi.