Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 35 ming nafar bola palliativ yordamga muhtoj, deb baholanmoqda. Biroq hozirgi qamrov atigi 2–3 foizni tashkil etadi. Milliy rejada ushbu vaziyatni tubdan yaxshilash bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan.
Xususan:
barcha hududlarda bolalarga palliativ yordam ko‘rsatish bo‘limlari tashkil etilib, ixtisoslashtirilgan xizmatlar bosqichma-bosqich kengaytiriladi;
bemorlarga uy sharoitida og‘riqsizlantirish, parvarish va tibbiy kuzatuv xizmatlarini ko‘rsatadigan mobil tibbiy brigadalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
hududlarda 14 ta reabilitatsiya bo‘limi tarmog‘i shakllantirilib, zamonaviy fizioterapiya, robotlashtirilgan uskunalar va tiklanish texnologiyalari joriy etiladi;
palliativ yordam va reabilitatsiya bo‘yicha shifokorlar, hamshiralar, psixologlar va ijtimoiy xodimlar tayyorlash tizimi rivojlantiriladi;
teletibbiyot, masofaviy monitoring va raqamli texnologiyalar orqali bemorlarni uzluksiz kuzatish imkoniyatlari kengaytiriladi.
2030-yilga borib:
palliativ yordam va reabilitatsiyaga muhtoj bolalarni ushbu xizmatlar bilan qamrov darajasini 90 foizga yetkazish;
reabilitatsiyadan o‘tgan bolalarning 80 foizini maktabga qaytarish;
bemor bolalarning 90 foizini, ular oila a’zolarining esa 75 foizini psixologik qo‘llab-quvvatlash;
aholining 95 foizi uchun 50 kilometr radiusda palliativ yordam va reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini yaratish maqsad qilingan.
SSV Matbuot xizmati.