28-sentyabrdan ish boshlagan mobil xizmat bolalarga uy sharoitida tibbiy va ijtimoiy yordam koʻrsatish, kasallik alomatlarini yengillashtirish hamda ularning yaqinlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

Mobil brigada tarkibiga tibbiyot mutaxassislari, ijtimoiy xodimlar va psixologlar kiritilgan. Ular har bir bola va unga gʻamxoʻrlik qilayotgan oila aʼzolari uchun individual yordam rejasini ishlab chiqadi. Shuningdek, ota-onalarga bolani parvarishlash koʻnikmalari oʻrgatiladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyevaning taʼkidlashicha, loyihaning asosiy maqsadi — oilalarga bolaning ehtiyojlaridan kelib chiqib, yordamni uyda yoki xospisda olish imkoniyatini yaratish.

«Bolaning tashxisini oʻzgartirishga ojizmiz, ammo uning har bir kunini oʻzgartirish oʻz qoʻlimizda», — dedi u.

Shahnoza Mirziyoyeva ushbu loyiha nafaqat tibbiy yordam koʻrsatish, balki ogʻir kasallikka chalingan bolalarga boʻlgan munosabatni oʻzgartirishda ham muhimligini taʼkidladi. Uning qayd etishicha, bunday bolalarning xohish-istaklari, orzulari va qiziqishlarini inobatga olish, ularning jamiyatning ajralmas qismi boʻlish huquqini taʼminlash zarur.

«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi har bir bola uchun alohida keys ochadi hamda zarur ijtimoiy xizmatlar va texnik reabilitatsiya vositalarini olishda koʻmaklashadi.

Jumladan, bolalarning ehtiyojlaridan kelib chiqib, moslashtirilgan nogironlik aravachalari, vertikalizatorlar, funksional karavotlar va yotoq yaralarining oldini oluvchi matraslar bilan taʼminlashga yordam beriladi.

Ayni paytda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan bolalar xospisini qurish ishlari ham davom etmoqda.

Xospis va faoliyatini boshlagan mobil xizmat birgalikda ogʻir va davolab boʻlmaydigan kasalliklarga chalingan bolalar hamda ularning yaqinlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yagona palliativ yordam tizimining bir qismiga aylanadi.