16-sentyabr – Xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kuni munosabati bilan davra suhbati oʻtkazildi

    Mamlakatimizda 14 Sentabr 2021 3325

    2021-yil 14-sentyabrda Oliy Majlis Senati Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan davra suhbatida senatorlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari, Qoʻmita ekspertlar Kengashi va idoralararo Ishchi guruh aʼzolari, tegishli idoralar masʼullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Tadbir ishtirokchilari ozon qatlamini yemiruvchi moddalar-xlorftoruglerod tutgan birikmalar haddan tashqari koʻp ishlatilishi natijasida oʻtgan asrning 80 yillari oxiriga kelib Ozon qatlami yemirilishi natijasida “Ozon darchalari” hosil boʻlib, uning himoya funksiyalari susayganligini qayd etdi.

    1985-yilda Ozon qatlamini himoya qilish toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasi qabul qilinganligi ozon muammosini hal etish boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlarning aniq mexanizmi boʻldi. Mazkur Konvensiya doirasida ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazishda xalqaro hamkorlik, ozon qatlamini tizimli monitoring qilish, ozonni yemiruvchi moddalar – xlorftoruglerodli birikmalarning ishlab chiqarilishi monitoringi va axborot almashinuvi koʻzlangan. Unda, shuningdek kelgusi yillarga moʻljallangan protokollar va tuzatishlar kiritish yoʻllari ham belgilangan.

    Ilmiy tadqiqotlar davomida ozonni yemiruvchi eng zararli hamda kelgusida xalq xoʻjaligida ishlatish uchun yaroqli boʻlgan moddalar aniqlanib, uning natijalari 1987-yil 16-sentyabrda rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar tomonidan Ozon qatlamini yemiruvchi moddalar boʻyicha Monreal protokolining qabul qilinishiga asos boʻldi.

    Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi 1993-yildan buyon Ozon qatlamini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasi va Ozon qatlamini buzuvchi moddalar boʻyicha Monreal protokoli tomoni hisoblanishi qayd etildi.

    Shuningdek, soʻnggi vaqtlarda Monreal protokoliga kiritilgan beshta tuzatishlardan Oʻzbekiston toʻrttasiga (London, 1990-yil), (Kopengagen, 1992-yil), (Monreal, 1997-yil), (Pekin, 1999-yil) qoʻshilganligi va ushbu xalqaro shartnomalar asosida ozon qatlamini yemiruvchi moddalar isteʼmoli talablarini toʻliq bajarib kelayotganligi taʼkidlandi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston Vena Konvensiyasi boʻyicha Monreal protokolining majburiyatlarini bajarish yuzasidan 2005-2019-yillar davrida ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanish miqdorini 884 tonnadan 33 tonnagacha kamaytirilganligi, Oʻzbekiston Respublikasida Monreal protokolining A, V va Ye roʻyxatlarida, shuningdek, S roʻyxati II va III guruhlarida koʻrsatilgan moddalarni import qilish taqiqlanganligi alohida bildirildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni toʻxtatish boʻyicha Global ekologik jamgʻarma va Birlashgan millatlar tashkilotining Atrof-muhit va Taraqqiyot dasturlari bilan keng hamkorlik ishlari yoʻlga qoʻyilganligi, ushbu tashkilotlar koʻmagi hamda mahalliy tashkilotlar mablagʻlari hisobidan 2000-2018-yillar davomida respublikada 9,9 mln AQSH dollariga teng boʻlgan 6 ta yirik loyiha amalga oshirilganligi taʼkidlab oʻtildi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan joriy yil 9-martda hukumatning 126-sonli qarori bilan Ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni toʻxtatish boʻyicha milliy dastur qabul qilinganligi, unga muvofiq 2019-2024-yillarga moʻljallangan samarali texnologiyalarni joriy etish orqali ozon qatlamini buzuvchi moddalarni butunlay isteʼmoldan chiqarish boʻyicha 8,6 million dollarga teng boʻlgan loyiha amalga oshirilayotganligi qayd etildi.

    Shuningdek, Milliy dasturda ozon qatlamining yemirilishini toʻxtatish orqali atrof-muhit yaxshilanishi, ozonga zarar yetkazmaydigan texnologiyalarga oʻtishning iqtisodiy foydalari hisobga olinganligi koʻrsatib oʻtildi.

    Mazkur Milliy dasturni amalga oshirish natijasida ozonni buzuvchi moddalarni qayta ishlash boʻyicha 6 ta yangi markaz tashkil qilinadi, mavjud 6 ta markaz qoʻshimcha asbob-uskunalar bilan taʼminlanadi, sovitish uskunalari ishlab chiqaradigan 100 ta korxona uchun zarur ehtiyot qismlar sotib olinadi. Shuningdek, sovitish uskunalarini ishlab chiqarish sohasi uchun mutaxassislarni tayyorlashda 3 ta markaz tashkil etiladi.

    Tadbirda soʻzga chiqqanlar ozon qatlamini yemiruvchi moddalar boʻyicha Monreal protokoli talablarini taʼminlash yuzasidan olib borilgan ishlar holati yuzasidan maʼlumot berildi. Shuningdek, mazkur Protokol talablarini amalga oshirish mexanizmi va atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish masalalarini muhokama qildi.

    Ushbu masala yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.