16 yoshda o'z IT jamoasiga asos solgan maktab o'quvchisi

    Yurtimizda IT sohasi bo'yicha ham yuksak iqtidor va g'ayratga ega minglab yoshlar yetishib chiqmoqda. Ulardan biri Asadbek Ro'ziev hali 16 yoshda. Biroq, erishgan yutuqlari hamda bilimi yoshidan ancha oldinda. O'zining aytishicha, bu sohaga qiziqish unga otasi kompyuter sovg'a qilganda boshlangan.

    — Kompyuterim eski bo'lishiga qaramay, juda ko'p dasturlarda qatnashib, IT sohasini mukammal egallashga harakat qildim. Ilk dasturimni ishlab chiqqanda ancha kichik edim, — deydi Asadbek. — Keyinchalik Uzbekcoders kabi loyihalarda qatnashdim. Aynan OMUC sabab shuni tushundimki, IT odamning ortidan quvlab yuradigan kasb. O'sha paytlardayoq ishlash uchun ko'p taklif tushardi. Eslab qolganim: bir safar 600 dollar maoshli ish taklif etilgan. Pul qanchalik kerak bo'lmasin, o'rganishni davom ettirishni tanladim. Chunki maqsadim faqat ko'p pul topish emas, sohaning haqiqiy mutaxassisi bo'lish va kelajakda o'z kompaniyamga asos solish edi.

    Asadbek maktab o'quvchisi bo'lishiga qaramay, “Bestarorg” nomli jamoa tashkil etdi. Jamoa, asosan, sayt yaratish bilan shug'ullanadi. Bir necha xalqaro va mahalliy olimpiadada ham qatnashib, g'oliblikni qo'lga kiritgan.

    — Bir safar Innovatsion rivojlanish vazirligi (hozirgi agentlik) tashkil etgan marafonda ishtirok etdik. Mehnatimiz qadr topib, loyihamizni moliyalashtirish uchun pul mukofotini qo'lga kiritdik. Jamoadoshlarim orasida eng kichigi men edim. O'sha yerdagi rahbarlardan biri yoniga chaqirib: “Sen buncha narsani qayerdan o'rgangansan? Bo'lishi mumkin emas-ku”, deb ajablandi. Men bilimimning asosiy qismini Uzbekcoders dasturida o'rganganimni aytdim.

    Mutasaddilar o'smirdagi shijoatni ko'rib, qo'llab-quvvatlash maqsadida uning jamoasi uchun vazirlik laboratoriyasidan joy ajratib beradi. Bundan ilhomlangan jamoa birin-ketin Adiblar, Eyemed, Smart Automation System kabi dasturlarni ishlab chiqadi. Adiblar ilovasi millatimizni dunyoga tanitgan buyuk ajdodlarimizning 5000 dan ziyod asarini jamlagan ilova bo'lib, bugun 1000 dan ortiq faol foydalanuvchisi mavjud.

    Eyemed esa barcha turdagi qurilmalar (telefon, kompyuter, televizor)dan foydalanganda ko'rish qobiliyatini saqlash va pasayishining oldini olishga mo'ljallangan ilova. Hozir uning 100 dan ortiq foydalanuvchisi bor. Aynan shu ilova bilan jamoa xalqaro IT tadbirkorligi hakaton olimpiadasida ishtirok etib, 3-o'rinni qo'lga kiritdi va 2400 dollar pul mukofoti yutdi.

    Smart Automation System dasturi simsiz aloqa orqali bir-biriga bog'langan va kundalik yumushlarni yanada oson qilish uchun uyda o'rnatilgan elektron qurilmalar hamda sensorlarni boshqaruvchi ilova. Mobil telefon orqali boshqariladi. Xorijda bunday loyihaning narxi 5000-30000 dollar atrofida baholanar ekan, Asadbekning jamoasi esa uni 7-10 barobargacha arzon va sifatli ishlab chiqishga harakat qilmoqda.