Har qancha mashaqqatni zimmaga olib, ilm oʻrgatgan farzandimiz yutuqlarga erisha boshlagach, sarflagan xarajatimizu qiyinchiliklar koʻzimizga koʻrinmaydi. Dilbandimizning ertasidan xotirjam tortamiz. Muhammad Tojiboyevning ota-onasi bu yoqimli tuygʻuni ancha oldin his etdi. Muhammad oʻsmirlik chogʻidayoq yirik muvaffaqiyatlari bilan tanildi.
Yurtimizda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishga katta eʼtibor berilmoqda. Jumladan, Prezident sovrini uchun “President Tech Award” tanlovi oʻtkazib kelinmoqda. Mukofot jamgʻarmasi 1 million dollar boʻlgan tanlovda Amazon, Google kabi eng yirik kompaniyalar mutaxassislari hakamlik qiladi. Bu ushbu tanlovning qanchalik ahamiyatga ega ekaniga yana bir dalil. Ana shunday yirik tanlovda qahramonimiz eng yosh ishtirokchi sifatida qatnashdi. 15 yoshli qatnashchiga tegishli loyiha 50 ming AQSH dollariga loyiq koʻrildi. Bu koʻplab ota-onalarning axborot texnologiyalariga qiziqishini kuchaytirdi.
Eng yaxshi investitsiya taʼlimga yoʻnaltirilgan mablagʻ ekanini tushunib yetishiga xizmat qildi.
2021-yildan buyon axborot texnologiyalari sohasini oʻrganib kelayotgan Muhammad Tojiboyev turli veb dasturlar ishlab chiqadi. U Python dasturini oʻzlashtirgan. Endi oʻz oldiga sunʼiy intellekt boʻyicha yurtimizni dunyoga tanitish maqsadini qoʻygan.
— Oʻzbekistonni axborot texnologiyalari markaziga aylantirishdek orzuni roʻyobga chiqarish biz, yoshlarga bogʻliqligidan doim ruhlanamiz. Tanlovda qoʻlga kiritgan mablagʻimiz esa bunga hissa qoʻshish uchun kerakli investitsiya boʻldi, — deydi yigit.
Darvoqe, Muhammad oʻziga tegishli mukofotning muayyan qismini Namangandagi oʻzi 9-sinfgacha oʻqigan maktabga axborot texnologiyalarini oʻqitishni rivojlantirish uchun yordam tariqasida tuhfa qildi.
Muhammad mualliflik qilgan loyihalardan biri — yuqoridagi tanlovda eʼtirof etilgan dastur PCP (Poison Cuts Poison) — “Zaharni zahar kesadi” deb nomlanadi. Maqsad axborot xavfsizligini taʼminlash va kiberjinoyatchilikning ildizini quritishdir. Platformalarda shubhali harakat boshlanganda ushbu dastur ishga tushib, foydalanuvchining yuzini, yaʼni jonlilikni tekshiradi. Bunda tizimga real holatda kirayotganlarning inson yoki bot ekani yuzi orqali aniqlanadi. Agar yuzni tanish imkoni boʻlmasa, foydalanuvchi ovozi orqali tekshiriladi. Shuningdek, dastur xakerlarning manzilini topish va maʼlumotlarini ichki ishlar organlariga joʻnatish imkonini ham beradi.
Mazkur loyiha Namangandagi davlat idoralarida sinab koʻrilganda 86 foizlik natija koʻrsatdi. Undan istalgan veb-saytlarda, kompyuter tizimlarida foydalanish mumkin. Zero, u barcha veb-saytlarga kerakli xavfsizlik tizimi. Agar dastur ishga tushirilsa, koʻplab elektron platformalar bilan integratsiya qilinishi, global bozorga chiqishi ortidan axborot texnologiyalari eksportiga salmoqli hissa qoʻshishi mumkin.
Muhammad Tojiboyev BMTning qator onlayn kurslarida ham muvaffaqiyatli oʻqigan. Ulardan biri “yashil” sanoat siyosati va uning raqobatbardoshlik hamda tuzilmaviy oʻzgarishlardagi ahamiyatiga bagʻishlangan. Yana biri BMTning iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish va inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan tashabbuslari doirasida tashkil etilgan. Izlanuvchan yigit bu kurslar orqali global muammolar haqida keng tushunchaga ega boʻlib, barqaror rivojlanish yoʻnalishidagi bilimini mustahkamladi. Ayni paytda Muhammad “Aisha AI” va “Iqro AI” loyihalari ustida ishlamoqda. Bu loyihalar kutilganidek natija bersa, Oʻzbekistondagi eng yirik sunʼiy intellekt tizimiga aylanadi.
Yosh iqtidor egasining adabiyotga ham yaqinligi, adabiy tadbirlarda millat fidoyilari obrazini yaratish istagi kuchli. Uning inson ongi, strategik fikrlashi va jamiyatdagi oʻrni haqidagi mulohazalardan iborat “Oʻyin qoidalari” kitobi nashrga tayyorlanmoqda. Kitob siyosat, biznes, shaxsiy rivojlanish va inson psixologiyasi kabi muhim mavzularni oʻz ichiga oladi.
Yurtimizda Muhammad Tojiboyev kabi iqtidorli, izlanuvchan yoshlar safi tobora kengayib bormoqda. Mamlakatimizda isteʼdodlar oʻz vaqtida aniqlanib, qoʻllab-quvvatlanmoqda. Bu esa yoshlarda oʻziga boʻlgan ishonchni oshirib, yorugʻ kelajak sari dadil odimlashiga sabab boʻlyapti.
Munojat RAHIMJONOVA,
jurnalist