Tadbirda senatorlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, qoʻmita huzurida tashkil etilgan Ekspert guruhi aʼzolari, hududiy studiyalardan Xalq deputatlari mahalliy kengashlarining Yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha doimiy komissiya raislari, shuningdek OAV vakillari ishtirok etdi.

Bugungi kunda respublikaning barcha hududlarida jami 16,5 million nafar ayolga (shundan 8,9 million nafari tugʻish yoshidagi ayollar) 226 ta statsionar tugʻruq muassasalari tomonidan tibbiy xizmat koʻrsatib kelinmoqda.

18 yoshgacha boʻlgan 10,8 million nafar bolaga (umumiy aholi sonining 33,3 foizi) 235 ta bolalar davolash-profilaktika muassasalari xizmat koʻrsatmoqda.

Barcha viloyat perinatal markazlarida ayollarga ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologiyali kaminvaziv (laparoskopik) ginekologiya boʻlimlari tashkil etildi.

Oʻtgan davr mobaynida 8,9 million nafar tugʻish yoshidagi ayollarning 6,4 million nafari tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Ulardan 40,9 foizida ekstragenital kasalliklar aniqlandi.

Aniqlangan barcha kasalliklardan 85,7 foizi ambulator va statsionar sharoitda sogʻlomlashtirildi.

Hududlarda 207 ta koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda “Ayollar maslahatxona”si boʻlimlari, “Perinatal skrining xonasi” va “Qizlar salomatlik markazi” faoliyat koʻrsatmoqda.

Respublika hududlarida tor soha shifokorlarini jalb qilgan holda 5 818 ta tibbiy brigada yordamida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 162 mingga yaqin xotin-qiz toʻliq tibbiy koʻrik hamda skrining tekshiruvlardan oʻtkazildi. Ayollar respublika va viloyat markazlaridagi shifoxonalarda kasallikning turiga qarab order bilan davolandi va ambulator sharoitda sogʻlomlashtirildi. Dori-darmonlar berilib, turli xil tibbiy xizmatlar koʻrsatildi.

Tadbirda sohada uchrayotgan muammolar ham tahlil etildi. Xususan, bugungi kunda tibbiy muassasalar mutaxassislari tomonidan reproduktiv yoshdagi fuqarolar va homilador ayollarni reproduktiv salomatlikning buzilish xavfi hamda uning reabilitatsiyasi haqida xabardor qilish tadbirlari manzilli tashkil etilmagan.

Xotin-qizlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarziga rioya qilish, tibbiy madaniyatni oshirish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, ayollar oʻrtasida koʻp uchrayotgan kasalliklarni oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralar yetarli emas.

Senatorlar tomonidan mazkur muammolarni bartaraf etish boʻyicha bir qator takliflar bildirildi.

Eshituv yakunlari boʻyicha qoʻmita qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.