Sana munosabati bilan BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO)ning O'zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi O'rmon xo'jaligi Davlat qo'mitasi bilan birgalikda O'rmon xo'jaligi ilmiy-tadqiqot institutida anjuman tashkil etildi.
1994-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Jahon cho'llanish va qurg'oqchilikga qarshi kurash kuni joriy etilgan edi. Sana tasodifan tanlanmagan. 1994-yil 17-iyunda “Qattiq qurg'oqchilikni boshdan kechirayotgan va yoki cho'lga aylanib borayotgan mamlakatlarda, ayniqsa, Afrikada cho'llanishga qarshi kurash to'g'risida BMT konventsiyasi” qabul qilingan. Shartnoma BMTga a'zo barcha davlatlar tomonidan imzolangan.
2021-yilning cho'llanish va qurg'oqchilikka qarshi kurash kuni nishonlanadigan 17-iyun sanasi degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va sog'lom yer maydonlarini yaratish mavzusiga bag'ishlanadi. Buning natijasida iqtisodiyotning barqarorligi ta'minlanadi, yangi ish o'rinlari yaratiladi, aholining daromadlari oshadi va oziq-ovqat xavfsizligi mustahkamlanadi.
Tadbirda vazirlik va idoralar, xalqaro va nodavlat tashkilotlar, shuningdek, ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari O'zbekiston Respublikasida cho'llanish va qurg'oqchilikka qarshi kurash masalalari bo'yicha taqdimotlar bilan ishtirok etdi. Bundan tashqari, tabiiy resurslarni kompleks boshqarishga qaratilgan qishloq xo'jaligi texnologiyalari bo'yicha o'quv seminar o'tkazildi.
Shuni alohida ta'kidlash zarurki, yerlarni qayta tiklash bioxilma-xillikni saqlashga hissa qo'shadi. Yerning isishiga ta'sir etuvchi atmosfera uglerodining yerda saklanib kolishi tufayli, iqlim o'zgarishi jarayoni sekinlashadi. Shuningdek, bu iqlim o'zgarishi oqibatlarining yumshashiga olib kelishi va COVID-19 pandemiyasi tugagach, “yashil” tiklanishga asos bo'lishi mumkin.
O'zbekistonda 2017-yildan buyon CADI — “Markaziy Osiyodagi cho'llar bo'yicha tashabbus” loyihasi amalga oshirilib kelmoqda. Ushbu loyiha Birlashgan Millatlar oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan amalga oshirilib, Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilmoqda.
— Tashabbus, global ahamiyatga ega bo'lgan noyob ekotizimli mo''tadil cho'llarni saqlash va ulardan barqaror foydalanishga qaratilgan. Ular qushlar, shuningdek, yovvoyi tuyoqli hayvonlar uchun muhim migratsiya mintaqalaridir, — deya ta'kidlaydi CADI loyihasining O'zbekistondagi Milliy koordinatori Narimon Nishonov. — O'zbekiston bilan bir qatorda, Qozog'iston va Turkmaniston ham CADIning maqsadli mamlakatlaridan hisoblanadi. O'zbekiston hududining yarmidan ko'prog'i cho'llar bilan qoplanganligi, bu eko-tizimlarning mamlakatimiz uchun muhim ahamiyatini tasdiqlaydi. Bugungi tadbirda keng manfaatdor shaxslar doirasi uchun o'quv kursi o'tkazib, ularni tabiiy resurslarni kompleks boshqarish, shuningdek, er resurslarini barqaror boshqarish bo'yicha eng samarali texnologiyalar bilan tanishtirishdan mamnunmiz.
FAOning “O'rta Osiyo va Turkiyaning qurg'oqchilikga moyil va sho'rlangan qishloq xo'jaligi landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish (ISTSAUZR-2)” loyihasi qurg'oqchilik xavfidan erta ogohlantirish va uning xavfini kamaytirishga yo'naltirilgan. Mutaxassislar tomonidan qurg'oqchilik va sho'rlanish jarayonlarini boshqarish, shu jumladan, sho'rlanishni kamaytirish uchun innovatsion yondashuvlar va texnologiyalarni namoyish etish, qurg'oqchilik va sho'rlanishga chidamli yangi ekinlarni joriy etish va fermerlarni tayyorlash bo'yicha etakchi tamoyillar ishlab chiqilmoqda. O'zbekistonda Qishloq xo'jaligi vazirligi, Suv xo'jaligi vazirligi va O'zbekiston Respublikasi Davlat o'rmon qo'mitasi loyiha hamkorlari hisoblanadi.
— Loyihaning umumiy maqsadi tabiiy resurslarga bosim va salbiy ta'sirlarni kamaytirib, xatar va zaiflik darajasini pasaytiradigan, qishloq aholisiga qurg'oqchilik va sho'rlanishga qarshi kurashda va bu holatlarga moslashishga yordam beradigan barqaror boshqaruv amaliyotini qo'llagan holda, tabiiy resurslarni integratsiyalashgan boshqarish miqyosini kengaytirishdan iborat, — deydi loyihaning Milliy menejeri Muxammadjon Qosimov.








