Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati maʼlum qildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, har kuni taxminan 1 millionga yaqin fuqaro masjidlarga tashrif buyurishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan jamoat tartibi va xavfsizlikni taʼminlash maqsadida 20 000 nafarga yaqin xodim va harbiy xizmatchilar jalb etiladi. Ular orasida Ichki ishlar organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi boʻlinmalari bor.
Masjidlar atrofi toʻliq videokuzatuv kameralari bilan qamrab olingan boʻlib, ular Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Monitoring markaziga ulangan.
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash uchun 2 500 ga yaqin Yoʻl-patrul xizmati xodimi xizmat olib boradi. Ayrim masjidlar atrofida transport harakati vaqtinchalik cheklanishi mumkin.
Shuningdek, masjidlarga kirish joylarida xavfsizlik toʻsiqlari oʻrnatiladi, avtoturargohlar tashkil etiladi va zarur holatlarda evakuatsiya ishlarini amalga oshirish uchun 200 dan ortiq maxsus texnika tayyor holatda boʻladi.