Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Madaniy meros agentligi axborot xizmati rahbari Mohinur Imomova maʼlum qildi.

Bugungi kunda Respublika boʻyicha jami 124 ta muzey va uning filiallari faoliyat yuritib kelmoqda, shundan, 49 tasi asosiy muzeylar, 75 tasi filiallardir. Muzeylarning 7 tasi muzey-qoʻriqxonalar hisoblanadi.

Mohinur Imomovaning taʼkidlashicha, soʻnggi 4 yil davomida respublika boʻyicha 11 ta yangi muzeylar tashkil etildi. Respublika muzeylari fondlarida jami 2 553 056 ta muzey ashyolari va kolleksiyalari mavjud boʻlib, shundan 1 928 012 ta asosiy fondda, 625 044 ta ilmiy-yordamchi fonddagi muzey ashyolari va kolleksiyalari hisoblanadi. Muzeylarda saqlanayotgan eksponatlarning 112 mingtasi nafaqat mamlakatimiz, balki jahon miqyosida noyob hisoblanadi.

Shuningdek, Oʻzbekiston muzeylari yagona portali yaratilib, hozirgi vaqtda 26 ta muzey toʻgʻrisida maʼlumotlar kiritildi. Ayni paytda 12 ta muzeylarning maʼlumotlar bazasi shakllantirilmoqda. Joriy yilning yakuniga qadar 12 ta muzey maʼlumotlari yagona portalga kiritilishi rejalashtirilgan.

Toshkent shahrida joylashgan muzeylarni roundme.com platformasi uchun eng zamonaviy IT texnologiyalaridan foydalangan holda, sifat koʻrsatkichning yangi standarti – 12 K oʻlchamida 3D formatda tasvirga olish (“Virtual muzey” loyihasi) ishlari olib borildi. 40 ta muzeylarda tasvirga olish ishlari olib borildi hamda dunyoning eng katta platformasi boʻlgan roundme.com, shuningdek, uzbekistan360.uz hamda vrmuseum.uz (TasIX) ga joylashtirildi.

2022-yildan boshlab respublika muzeylarida tashkil etiladigan koʻrgazmalar, koʻchma koʻrgazmalar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar, forumlar, konferensiya va seminarlar boʻyicha kalendar rejalarini tasdiqlash amaliyoti joriy etildi. Shuningdek, muzeylar faoliyatini baholash tizimi yoʻlga qoʻyildi.