19 kishi nomiga avtokredit rasmiylashtirib, 6,3 mlrd soʻmni oʻzlashtirgan shaxslar ushlandi

    Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida fuqarolarning yirik miqdordagi kredit mablagʻlarini talon-toroj qilgan masʼullar qoʻlga olindi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

    Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qoʻqon shahri boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.

    Unda fuqarolar Sh. U. va A.V. — Toshkent shahridagi G-W. va E.-W. MCHJlar masʼul shaxslari va boshqalar oʻzaro til biriktirib, 19 nafar fuqaro nomiga tijorat banki filiallaridan jami 6,3 mlrd soʻm avtokredit olgani aniqlangan.

    Ular ushbu kredit hisobidan fuqarolarga avtomashinalarni yetkazib bermasdan, kredit mablagʻlarini talon-toroj qilgan.

    Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda, deyiladi xabarda.