Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasiga 2021-yil yakuni boʻyicha Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan jami 377 ta murojaatlar kelib tushgan.
Shulardan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti portali orqali 98 ta, Pochta aloqa vositalari va toʻgʻridan-toʻgʻri 129 ta, Ishonch telefoni orqali 102 ta, “Oʻzyoʻlinspeksiya” veb-sayti orqali 48 ta murojaatlar kelib tushgan. Hududlar miqyosida koʻrib chiqadigan boʻlsak, Toshkent shahri, Toshkent va Namangan viloyatlaridan kelgan murojaatlar salmogʻi oshgan. Murojaatlarning 155 tasi – yoʻl qurilish obyektidagi sifat koʻrsatkichini aniqlashga oidlari tashkil etadi. Shuningdek,
Obyektda nazorat tekshiruvini oʻtkazishga oid – 101 ta;
Tegishli tashkilotlarga yoʻnaltirilgan – 78 ta;
Qanoatlantirilgan – 18 ta;
Koʻrmasdan qoldirilgan (yaʼni taalluqli boʻlmagani) – 8 ta;
Boshqa masalalariga oid - 12 ta.
Muddati kelmagan murojaatlar –5 ta
Avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilardan kelib tushgan 155 ta murojaat asosida hududiy davlat inspektorlari tomonidan manfaatdor tomonlarning vakillari ishtirokida yoʻl obyektlarining sifat koʻrsatkichlari bevosita joyiga chiqib oʻrganildi va natijasi boʻyicha quyidagilar amalga oshirildi:
55 ta murojaat boʻyicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish borasida koʻrsatma berildi. Koʻrsatma talablarini muddatida bartaraf etmagan 3 ta holat yuzasidan esa mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar qoʻllash boʻyicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborildi. 4 ta holat boʻyicha 197 mln 325 ming soʻm miqdorida sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlarini hisobotdan chiqarish boʻyicha buyurtmachilarga talabnoma kiritildi.
100 ta murojaatga binoan yoʻl obyektlarining sifat koʻrsatkichlari aniqlanib, mazkur obyektlarni taʼmirlash dasturiga kiritish yuzasidan hokimliklar, buyurtmachi, pudratchi va tegishli sektor rahbarlariga takliflar berildi.
“Oʻzyoʻlinspeksiya” tomonidan 2021-yil uchun “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasiga asosan, barcha viloyat va shaharlarda sayyor qabul oʻtkazilib, mazkur qabullarda 53 ta murojaat kelib tushgan.
Shuningdek, bevosita “Oʻzyoʻlinspeksiya” rahbariyati tomonidan koʻtarilgan masalalarni joyida oʻrganib chiqish boʻyicha Navoiy, Andijon va Sirdaryo viloyatlarida sayyor qabullar tashkil etildi hamda aksariyat murojaatlar joyida hal etildi. 16 ta murojaat boʻyicha yigʻilish bayonlari va chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, hududiy davlat inspektorlari tomonidan ijrosi taʼminlandi.
Umuman olganda, “Oʻzyoʻlinspeksiya”ga kelib tushgan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari” – qonun talablari asosida koʻrib chiqilishi, buyurtmachi, hokimliklar va sektor rahbarlariga – murojaat mazmunidan kelib chiqqan holda takliflar kiritilishi tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.