Xalqaro shaxmat kuni YUNESKO tomonidan anʼanaviy bayramlar qatoriga kiritilgan. FIDEga aʼzo mamlakatlarda har yili shu kuni turli shaxmat tadbirlari, jumladan, shaxmatning “Rapid”, “Blis” va “Standart” yoʻnalishlari boʻyicha musobaqalar tashkil etiladi. FIDE homiyligida yoshlar, erkaklar, ayollar va keksalarga moʻljallangan 40 dan ziyod musobaqa oʻtkazib kelinadi.

FIDE qanday tashkilot?

FIDE – shaxmat boʻyicha milliy federatsiyalarni birlashtirgan xalqaro nodavlat sport tashkiloti. Bugungi kunda 178 milliy federatsiya uning aʼzosi hisoblanadi. Federatsiyaning asosiy maqsadi shaxmat sportini ommalashtirish, turli darajadagi sport musobaqalari va jahon chempionatlarini tashkil etishdir.

FIDE oʻz ramziga va bayrogʻiga ega, shiori: “Barchamiz – bir oilamiz” (lot. Gens una sumus). FIDE bosh qarorgohi Gretsiyaning Afina shahrida joylashgan.

Federatsiya 1980-yilddan YUNESKOning rasmiy aʼzosidir. FIDEga turli xalqaro federatsiyalar, jumladan, Xalqaro koʻzi ojizlar assotsiatsiyasi, Xalqaro xat orqali shaxmat oʻynash boʻyicha federatsiya, Xalqaro shaxmat matbuoti assotsiatsiyasi, FIDEning Xalqaro shaxmat kompozitsiyalari boʻyicha doimiy komissiyasi ham aʼzo boʻlgan.

FIDE xalqaro shaxmat qoidalarini joriy etgan boʻlib, ushbu qoidalar asosida sportchilar va hakamlar uchun xalqaro darajadagi toifalar yangilab boriladi. FIDE tomonidan har oyning boshida shaxmatchilarning reytinglari ham yangilanadi va rasmiy saytda muntazam eʼlon qilinadi. FIDEning rasmiy sayti www.fide.com.

Oʻyinlar inson tafakkurini teranlashtiradi

Shaxmat – sport oʻyini. Ayni chogʻda, bu qiziqarli oʻyin zamirida sanʼat, falsafa, mantiq, hisob ilmlari ham jamlangan. Shaxmat intellektual oʻyinlar ichida eng murakkabi va mukammalidir. Bugungi kunda dunyoda 500 milliondan ortiq kishi shaxmat bilan bevosita shugʻullanadi.

Mana, keyingi 56 yildan buyon Xalqaro shaxmat kuni munosabati bilan sayyoramizning turli hududlarida ushbu oʻyin ixlosmandlari koʻplab musobaqalar, yetakchi shaxmatchilar bilan uchrashuvlar, shaxmat seanslarida qatnashishi yaxshi anʼanaga aylangan. Eng muhimi, bu oʻyinlarda inson tafakkuri nechogʻlik beqiyos qudratga egaligi har gal qaytadan oʻz tasdigʻini topadi.

Shaxmat oʻyini Oʻzbekiston uchun alohida ahamiyatga ega, ammo yurtimizning shaxmat bilan bogʻliq olis tarixi oldida Xalqaro shaxmat kunining 50-60 yillik navqiron oʻtmishi nihoyatda oz muddat boʻlib koʻrinadi. Nega deganda, mamlakatimiz hududida qadimdan shaxmat sevimli oʻyinlardan biri boʻlgan.

Ming yillik tarixga ega toshlar

Surxondaryo va Samarqanddan qariyib ikki ming yillik tarixga ega shaxmat toshlari topilgan. Xususan, 1972-yilda Dalvarzintepada olib borilgan arxeologik qazilmalar vaqtida Kushon davri, yaʼni I-II asrlarga oid shaxmat donalari, 1977-yilda Afrosiyobda oʻtkazilgan tadqiqotlar chogʻida esa VII-VIII asrlarga taalluqli 7 ta shaxmat donasiga duch kelingan.

Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston”, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai saʼdayn va majmai bahrayn”, Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”, “Lison ut-tayr”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” kabi tarixiy asarlarida shaxmat, yaʼni shatranjga oid qimmatli maʼlumotlar bor. Oʻrta asarlarda ham koʻplab mashhur tarixiy shaxslar shaxmat ustasi boʻlgani manbalarda keltirilgan.

Samarqandda oʻtkazilgan musobaqalarda gʻolib chiqqan Ali Shatranjiy (Oloviddin at-Tabriziy) shatranj haqida kitob yozib, XIV asrgacha Oʻrta Osiyoda yashagan bir qancha oliyalar, yaʼni grossmeysterlar haqida muhim maʼlumotlarni bitib qoldirgan. U Sohibqironning oʻzi bilan shatranj oʻynab turgan.

Akademik Akmal Saidovning qayd etishicha, nihoyatda oʻtkir xotira va teran aql-idrok sohibi boʻlgan Amir Temur shaxmat oʻyinida ham yuksak mahoratga erishgan. Ulugʻ Sohibqiron bobomiz shaxmatni shunchaki vaqtni dilxushlik bilan oʻtkazish va hordiq chiqarish oʻyini emas, balki puxta geosiyosiy hamda amaliy rejalar tuzish uchun aqlni peshlash mashgʻuloti, deb bilgan.

XX asrning 20-yillaridan Oʻzbekistonda shaxmatning zamonaviy qoidalari keng targʻib etilishi bu sport turining rivojlanishiga turtki berdi. Toshkent, Samarqand, Koʻqon va boshqa shaharlarda shaxmat toʻgaraklari ochildi.

Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston shaxmatida yuksalish boshlandi. Shaxmatchilarimiz xalqaro miqyosdagi tadbirlarda ham faol ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni ola boshladilar. Ayniqsa, erkaklar terma jamoasi 1992-yili jahon shaxmat olimpiadasida ikkinchi oʻrinni egallagan boʻlsa, 1999-yili Osiyo chempionatida gʻalaba qozondi.

Bu haqda soʻz borganda, Oʻzbekiston shaxmatining eng yorqin gʻalabasi 2004-yilga toʻgʻri kelganini – oʻshanda Rustam Qosimjonov FIDE versiyasi boʻyicha jahon chempionligini qoʻlga kiritganini alohida taʼkidlash lozim. Osiyoning birinchi va jahonning 17-chempioni R.Qosimjonov 18 yoshida xalqaro grossmeysterga aylandi va bugungi kunda yer yuzidagi 50 nafar eng kuchli shaxmatchi qatoriga kiradi.

Oʻz navbatida, 1998-yili Ibrohim Hamroqulov oʻsmirlar oʻrtasida jahon birinchiligida gʻolib chiqdi. Xalqaro grossmeyster Nafisa Moʻminova Oʻzbekiston tarixidagi birinchi ayol grossmeysterga aylangani ham faxru iftixorimizni uygʻotmay qolmaydi.

Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi 1992-yildan FIDE aʼzosi hisoblanadi. Oʻtgan yillarda Federatsiya tomonidan mamlakatimizda va jahonda shaxmatni rivojlantirish hamda ommaviylashtirish yoʻlida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, mamlakatimiz shaxmat boʻyicha qitʼa chempionatlariga, nufuzli Gran-pri turnirlariga mezbonlik qildi.

Prezident qarorlari amalda

Soʻnggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda shaxmat oʻyini rivoji tubdan yachngi bosqichga koʻtarildi. Bu oʻrinda davlatimiz rahbarining 2021-yil 14-yanvarda qabul qilingan “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining ahamiyatini taʼkidlash maqsadga muvofiqdir.

Davlatimiz rahbari qaroriga koʻra, Oʻzbekistonda shaxmatni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishning asosiy yoʻnalishlari etib: “Maktabda shaxmat” loyihasini amalga oshirish, bolalar va oʻsmirlarning shaxmat bilan shugʻullanishga qiziqishini oshirish, uni ommaviylashtirish, shaxmat infratuzilmasini yanada rivojlantirish hamda xalqaro talablarga moslashtirish, bolalar-oʻsmirlar shaxmat maktablarini tashkil qilish vazifalari belgilandi

Shu jumladan, shaxmat boʻyicha respublika hamda xalqaro musobaqalar va olimpiadalar gʻoliblari, xalqaro grossmeyster, xalqaro toifadagi sport ustasi, shuningdek xalqaro unvonlarga ega boʻlgan trenerlar va hakamlar unvonlarini qoʻlga kiritgan shaxmatchilarni pul mukofotlari bilan taqdirlash masalalari ham belgilandi.

Qarorning nechogʻlik ulkan ahamiyatga egaligining tasdigʻi sifatida uning ayrim xususiyatlariga toʻxtalib oʻtishni joiz deb bildik.

Bunga qadar Prezidentimizning 2018-yil 9-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida shaxmatni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan yurtimizdagi 150 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchilari tajriba tariqasida shaxmatga oʻqitish tashkil qilingandi. Yangi qarorga asosan shu amaliyot kengaytirildi va yana qoʻshimcha 150 ta maktab shaxmatga ixtisoslashtiriladigan boʻldi.

Soʻngra esa, tanlov asosida 1 000 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabida 2-4-sinf oʻquvchilarini “Jismoniy tarbiya” fani doirasida 18 soatlik reja asosida shaxmatga oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi va qolgan barcha umumiy oʻrta taʼlim maktablari 2-4-sinf oʻquvchilari “Jismoniy tarbiya” fani doirasida shaxmatga oʻqitiladi.

Shuning barobarida, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Fargʻona filialida shaxmat boʻyicha taʼlim yoʻnalishi ochiladi; boshqa oliy taʼlim muassasalarida shaxmat yoʻnalishiga zarur ehtiyojdan kelib chiqib, Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasining tavsiyasiga asosan alohida qabul kvotalari belgilanadi.

Jumladan, mamlakatimizda Oʻzbekiston shaxmat klublari assotsiatsiyasi, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxmatchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi tarkibida shaxmat boʻyicha alohida boʻlinma hamda Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Shaxmatni ommaviylashtirish va rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etiladi.

2021-yildan boshlab har yili Toshkent shahrida – Prezident sovrini uchun xalqaro shaxmat turnirlari oʻtkaziladi.

Binobarin, Oʻzbekistonlik birinchi xalqaro grossmeyster G.T.Agzamov xotirasiga bagʻishlangan xalqaro turnir. Shaxmat boʻyicha XVII Jahon chempioni R.Qosimjonov xalqaro turniri. Samarqandda – “Sohibqiron kubogi” xalqaro shaxmat turniri. Xivada – Al-Beruniy xalqaro shaxmat turniri. Buxoro, Termiz va Xivada – “Turizm va shaxmat haftaligi” oʻtkazilishi belgilab berildi.

Bugun AQSH, Shvetsiya, Germaniya, Kanada, Ispaniya, Kuba, Italiya, Niderlandiya, Polsha, Daniya, Isroil va boshqa mamlakatlar maktablarida shaxmat oʻqitiladi. Mamlakatimizda shaxmat maktab oʻquv predmeti sifatida keyingi uch-tӯrt yil mobaynida jadal rivojlana boshladi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvarda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida ham bolalar va oʻsmirlarning shaxmat bilan shugʻullanishga qiziqishini oshirish, havaskor shaxmatni ommaviylashtirish, bu borada umumtaʼlim maktablari, boshqa taʼlim muassasalari, mahalla va tashkilotlarda shaxmat boʻyicha musobaqalarni muntazam ravishda tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Ushbu fanning taʼlim tizimiga kiritilishi nafaqat oʻquv faoliyati samaradorligini oshirishga yordam beradi, balki mashgʻulotning dastlabki bosqichlarida oʻquvchilarda iroda, mustaqillik kabi shaxsiy sifatlar shakllanishi va mantiqiy fikrlash uchun ham katta ahamiyatga ega bӯladi.

Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistonda Xalqaro shaxmat kuni har yili yuqori saviyada nishonlanadi. Bu yil ushbu bayram arafasida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Anatoliy Karpov nomidagi shaxmat maktabi ochildi. Shu munosabat bilan shaxmat boʻyicha 16 karra Jahon chempioni, taniqli grossmeyster Anatoliy Karpov yurtimizga tashrif buyurdi.

Yaqin kunlarda...

Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, shu kunlarda Fransiyada shaxmat boʻyicha koʻzi ojizlar, zaif koʻruvchi yoshlar va ayollar oʻrtasida jahon chempionati boʻlib oʻtmoqda. Joriy yil 17-iyulda yakunlanadigan mazkur chempionatda ayollar oʻrtasida 18 ta davlatdan 26 nafar, yoshlar oʻrtasida esa 13 ta davlatdan 13 nafar shaxmatchi gʻoliblik uchun dona surmoqda. Murosasiz bahslarda mamlakatimiz sharafini Ahadxon Kimsanboyev hamda Durdona Jumanova himoya qilmoqda.

Yana bir muhim voqea: bir necha kundan soʻng Hindistonning Chennay shahrida 44-shaxmat olimpiadasi boshlanadi. Mazkur chempionat mobaynida Xalqaro shaxmat federatsiyasining kongressi oʻtkazilib, unda 2026-yilgi Jahon shaxmat olimpiadasiga mezbon boʻladigan mamlakat nomi ham eʼlon qilinadi.

Gap shundaki, 2026-yili oʻtkaziladigan 46-jahon shaxmat olimpiadasi mamlakatimizda oʻtkazilishi mumkin. Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi mutasaddilari taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston 46-shaxmat olimpiadasini qabul qilishga daʼvogar davlatlar uchun boʻlib oʻtadigan tenderda ishtirok etadi.

Darvoqe, maqolamizga nuqta qoʻyishga shaylangan edik hamki, FIDE tomonidan yuritiladigan jahon shaxmat reytingida Oʻzbekiston ilk bora kuchli 20 talikka kirishga muvaffaq boʻlgani haqida xushxabar keldi. Yaʼni, 2022-yil iyul oyi reytingiga asosan Oʻzbekiston jahon shaxmat reytingida 19-oʻrinni egalladi.

Shunday ekan, biz jonajon yurtimizga ham, qadrdon yurtdoshlarimizga ham shaxs intellektual kamolotining qaynar bulogʻi boʻlmish shaxmat oʻyinlarida omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Oydin IBROHIMOVA