Taʼkidlanishicha, mazkur banknot mavzusi (tematikasi) “Buyuk Ipak yoʻli” hamda mamlakatimiz hududidagi Fargʻona vodiysining qadimiy tarixiga bagʻishlangan boʻlib, uning oʻlchami 152 x 69 mm. ni tashkil etadi.
Banknotning oʻng tarafida och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yoʻli”ning ramzi sifatida tuya va “200000” raqami koʻrinishida suv belgilari joylashgan.
Banknotning oʻng tarafida qogʻoz qatlamida kengligi 4 mm.li koʻk rangli, “siljish” effektiga, “UZB” yozuviga ega boʻlgan, mikrooptik va mashinada oʻqiladigan himoya ipi oʻtkazilgan.
Old va orqa tomonlarining asosiy rangi – firuza rangda boʻlib, boshqa ranglar bilan uygʻunlashgan.
Banknotlar himoyalangan qogʻozda chop etilgan boʻlib, old va orqa tomonlari maxsus lak bilan qoplangan.
Banknot old tomoni chap qismida Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida joylashgan “XUDOYORXON OʻRDASI” meʼmoriy yodgorligi tasvirlangan.
Yuqori qismining chap tarafida “200000” raqami, yuqori qism markazida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni koʻk va yashil ranglarda hamda yuqori oʻng burchakdagi Oʻzbekiston Respublikasining Gerbi yashil rangda joylashgan.
Oʻng va chap tomoni chekkasida joylashgan yashil rangdagi maxsus element koʻrish qobiliyati past boʻlgan insonlar uchun moʻljallangan boʻlib, boʻyoqning boʻrtmalik xususiyati hisobiga banknotning qiymatini aniqlash imkonini beradi.
Banknotning quyi qismida naqshinkor tasvir fonida “latent” (yashirin) tasvir “UZ” koʻrinishida berilgan boʻlib, u yorugʻlik manbaiga nisbatan maʼlum qiyalikda koʻrinish xususiyatiga ega.
Quyi qismining chap tomonida banknot qiymatini aks ettiruvchi “IKKI YUZ MING SOʻM” yozuvi va “OʻZBEKISTON SOʻMI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TOʻLOVLAR UCHUN OʻZ QIYMATI BOʻYICHA QABUL QILINISHI SHART” matni joylashgan.
Yuqoridagi tasvirlar metallograf bosma usulida bajarilgan boʻlib, barmoq uchi bilan siypalaganda buyoqning boʻrtmaligini sezish mumkin.
Banknot oʻng qismidagi och fonda nusxa koʻchirishga qarshi har xil diametrdagi xalqalar joylashgan boʻlib, nusxa koʻchirilganda tasvirlardagi aniqlik yoʻqoladi.
Shuningdek, ultrabinafsha nuri ostida koʻrinuvchi naqshinkor bezakning yashil rangli fonida “UZB 200000 SOʻM” soʻzi qizil rangda tasvirlangan.
Yuqori qismidagi Oʻzbekiston xaritasi chizmasida och chiziqlar bilan “Buyuk Ipak yoʻli” karvon yoʻllari yoʻnalishi koʻrsatilgan.
Yuqori chap qismida “XUDOYORXON OʻRDASI” meʼmoriy yodgorligidagi naqshinkor bezak tasviri registr vazifasini bajargani holda, “old” va “orqa” tomonlarini bir-biri bilan mos tushirish uchun xizmat qiladi. Yorugʻlikka qaratilganda oq qismi banknotning orqa tomonidagi rangli elementlar bilan qoʻshilib toʻliq tasvir hosil boʻladi.
Banknotning raqami lotin alifbosidagi ikki harfli seriya va yetti xonali sondan tashkil topgan boʻlib, oʻng qismida gorizontal va chap qismida vertikal koʻrinishda bosilgan.
Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi III asrga tegishli qadimgi Fargʻona davlatining poytaxti boʻlgan “AXSIKENT ARXEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.

Markaziy qismida mashhur Quva anorining ramzi sifatida “anor” tasvirida zamonaviy “Spark live” himoya elementi qoʻllanilgan boʻlib, turli qiyalikda rang oʻzgarishi va siljish effektini hosil qiladi.
Oʻng qismida Fargʻona vodiysidagi arxeologiya yodgorligi topilmalari – miloddan avvalgi II ming yillikga tegishli boʻlgan sopol idish va ikki boshli ilon koʻrinishidagi qadimiy tosh tumor tasviri aks ettirilgan.
Yuqori chap qismida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni va banknot muomalaga chiqarilgan yil “2022” chop etilgan.
Banknotning pastki qismi chap va oʻng burchaklarida banknot nominal qiymati “200000” raqami oq rangda bir chiziqda hamda yuqori oʻng burchakda “IKKI YUZ MING SOʻM” yozuvi tushirilgan.
Pastki qismida “OʻZBEKISTON SOʻMINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TAʻQIB QILINADI” matni ogohlantiruvchi yozuv sifatida qayd etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki shuni alohida qayd etadiki, 200 000 soʻmlik banknotlar, ayni paytda muomalada boʻlgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar va aholi tomonidan oʻz qiymati boʻyicha barcha turdagi toʻlovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki 2022-yilning 15-iyulidan boshlab yangi koʻrinishdagi nominal qiymati 200 000 soʻm boʻlgan banknot shaklida pul belgilarini muomalaga chiqarilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilinganini maʼlum qildi.