Qonunosti hujjatlarning koʻpligi qonunchilikdagi takrorlanishlarga, tafovut va chalkashliklarga sabab boʻlmoqda. Bu esa oʻz navbatida huquqni qoʻllash amaliyotini murakkablashtiradi, ulardan foydalanishda noqulayliklar keltirib chiqaradi.

Chunki bir masalani tushunish uchun yuzlab hujjatlarni koʻrib chiqishga toʻgʻri keladi.

Shu kabi muammolarninng dolzarbligini inobatga olgan holda Adliya vazirligi tomonidan barcha sohalarda qonunchilikni tizimlashtirish orqali qonunchilik bazasini qisqartirish yoki boshqa soʻz bilan aytganda kesib tashlash (“tartibga soluvchi gilyotina” usuli orqaliishlari samarali yoʻlga qoʻyilgan.

Jumladan, Adliya vazirligining takliflari asosida 2020-yilda 500 ga yaqin hujjatlarni bekor qilishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni qabul qilindi. Shuningdek, kuni kecha 2000 ta Vazirlar Mahkamasining hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori qabul qilindi.

Mazkur bekor qilingan hujjatlar bugungi kunda oʻz ahamiyatini yoʻqotgan, bir martalik qoidalarni nazarda tutadigan yoki muayyan muddat davomida amalga oshirishga moʻljallangan topshiriqlardan iborat hujjatlardir.

Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan hujjatlarni bekor qilishning amaliy ahamiyati nimada, yaʼni fuqarolar va tadbirkorlar uchun nima foydasi bor degan oʻrinli savol tugʻilishi tabiiy. Qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish yoki boshqa soʻz bilan aytganda ularni kamaytirish:

birinchidan, fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan aynan qaysi hujjatdan foydalansa, toʻgʻri boʻladi degan savolga yechim topiladi;

ikkinchidan, huquqiy axborotdan foydalanishda va huquqshunos xizmatlari bilan bogʻliq sarf-xarajatlar qisqarishiga xizmat qiladi;

uchinchidan, qonunchilikdagi takrorlanishlar va tafovutlarning bartaraf etilishiga olib keladi.

Bir soʻz bilan aytganda qonunchilik hujjatlarini qisqartirishdan koʻzlangan asosiy maqsad ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni bartaraf etish, tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan tartibga solish yukini kamaytirish, qonunchilik bazasini harakatsiz va amalda qoʻllanilmayotgan hujjatlardan “xalos etish”, pirovardida qonunchilik hujjatlaridan foydalanishda fuqarolar va tadbirkorlarga yengillik yaratishdir.

Bugungi kunda Adliya vazirligi tomonidan boshlangan qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish boʻyicha ishlar dastlabki qadamlar boʻlib, ushbu yoʻnalishdagi ishlar yana davom ettiriladi. Hozirda vazirlik tomonidan qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirishning ikkinchi bosqichi boshlangan boʻlib, unda qonunchilik hujjatlari sohalar kesimida birlashtiriladi.

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi