Matbuot anjumanida Adliya vazirligining 2025-yilda amalga oshirgan faoliyati yuzasidan batafsil hisobot taqdim etilib, joriy yilda bajariladigan vazifa va rejalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Hisobot davrida adliya tizimida fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, normativ-huquqiy bazani izchil rivojlantirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Xususan, vazirlik tashabbusi bilan 258 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqildi hamda aholidan talab etiladigan 30 turdagi hujjatlarni taqdim etish amaliyoti bekor qilindi. “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda bir vaqtning o‘zida 7 ta xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, “proaktiv qonunchilik” tamoyili joriy etilib, tadbirkorlik subyektlarini yangi hujjatlar haqida avtomatik xabardor qilish tizimi ishga tushirildi hamda 1600 ta majburiy talab bekor qilindi. Tartibga solish ta’sirini baholash doirasida 2385 ta hisobot ko‘rib chiqilib, “tartibga solish gilyotina” usuli orqali 738 ta o‘z ahamiyatini yo‘qotgan normativ-huquqiy hujjatlar bekor qilindi.
Aholining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida yil davomida 1 milliondan ortiq huquqiy targ‘ibot tadbirlari tashkil etilib, unda inson huquqlari, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar huquqlari hamda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari keng qamrab olindi. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali yuz minglab materiallar e’lon qilinib, “Huquqiy targ‘ibot kuni” hamda “Huquqiy maslahat bilan har bir uyga” loyihalari doirasida aholining dolzarb muammolariga huquqiy tushuntirishlar berildi. Shu bilan birga, “Lex Al” sun’iy intellekt platformasi joriy etildi.
“Huquqiy mahalla” loyihasi doirasida 1,8 millionga yaqin xonadon o‘rganilib, aniqlangan 1,1 million huquqiy muammoning 97 foizi ijobiy hal etildi.
Natijada 23 mingdan ortiq fuqarolarning mehnat huquqlari tiklanib, sudlarga kiritilgan 6 224 ta da’vo arizalari asosida fuqarolar foydasiga 229 milliard so‘m mablag‘ undirildi.
Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida 2025 yilda 61 milliondan ortiq xizmatlar ko‘rsatilib, aholining chekka hududlari uchun 1,1 milliondan ortiq sayyor xizmatlar tashkil etildi. Proaktiv va kompozit xizmatlar soni kengaytirilib, mos ravishda 22 ta va 88 taga yetkazildi. Xizmat ko‘rsatish muddati sezilarli darajada qisqartirilib, davlat xizmatlari markazlarida 10 daqiqadan 4 daqiqagacha, FHDYO organlarida esa 7 daqiqadan 5 daqiqagacha kamaytirildi.
Notariat sohasida talab etiladigan hujjatlar hajmi 95 foizga qisqartirilib, 16 turdagi xizmatlarni onlayn rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yildi. Natijada yil davomida 299 mingdan ortiq onlayn notarial harakatlar amalga oshirilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 4 baravarga oshdi.
Yuridik kadrlarni tayyorlash tizimida raqamlashtirish ishlari izchil davom ettirilib, “E-universitet” platformasi orqali barcha jarayonlar avtomatlashtirildi. Shu bilan birga, “Raqamli huquq” hamda “Korporativ huquq va boshqaruv” kabi yangi ta’lim yo‘nalishlari joriy etilib, 227 ta umumta’lim maktablarida “Huquq sinflari” tashkil etildi. “Huquq maktabi” mobil ilovasi orqali esa 90 mingga yaqin foydalanuvchilarning huquqiy bilimlari oshirildi.
— Mamlakatning huquqiy rivojlanganini bevosita aholining malakali yuridik yordam bilan ta’minlanganida ko‘ramiz. Hozirgi kunda O‘zbekiston aholisi 38 milliondan oshdi. Bunda har 100 ming aholiga 19 nafar advokat to‘g‘ri kelyapti. Bu holat 2030 yilga borib har 100 ming aholiga 25 nafar advokat to‘g‘ri kelishiga erishish uchun bizga vazifa yuklatilgan. Konstitutsiyada davlatning asosiy vazifalaridan biri bo‘lgan malakali tibbiy yordam bilan ta’minlash bilan birga, shu vazifalardan yana biri sifatida malakali yuridik yordam bilan ta’minlashga erishiladi. Bundan tashqari, O‘zebkistonda yangi rivojlanib kelayotgan sohalardan biri bu — mediatsiya. Yani nizolarni muqobil hal etish, nizolarni sudgacha hal qilish instituti ham rivojlanmoqda. Xususan o‘tgan yili amalga oshirilgan islohatlar natijasida bir qator o‘zgarishlar bo‘ldi. Mediatorlar soni 3 minga oshdi va mediatik kelishuvlar soni ham sud jarayonlarida 7-8 ming atrofi umumiy sudgacha bo‘lgan holatlarda 50 mingga yaqin mediatik kelishuvlar amalga oshirilishi bilan bog‘liq ishlar ko‘rib chiqildi, — deya takidladi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Notariat, advakatura va mediatsiya boshqarmasi boshlig‘i Nozim Hatamov.
Tadbir so‘nggida fikr almashildi, jurnalistlar va blogerlarning savollariga atroflicha javob berildi.
Lobar BOBOXONOVA