баннер
22 Mar 2025
10:07

    2017-2020-yillarda Transport va yoʻl xoʻjaligi sohasida amalga amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar

    Transport 11 Avgust 2021 2329

    Transport xizmatlari – havo yoʻllaridagi, quruqlikdagi va suvdagi barcha yoʻlovchi va yuk tashish xizmatlarini qamrab oluvchi murakkab iqtisodiy tizim hisoblanadi. Transport xizmatlarini samarali tashkil etish uchun yuk va yoʻlovchi tashishga boʻlgan talab shakllanishiga taʼsir qiluvchi omillarni oʻrganish zarur.

    Rossiyalik iqtisodchi Ye.P.Volodin oʻz tadqiqotlarida bu omillar sifatida quyidagilarni koʻrsatadi:

    1) ijtimoiy-iqtisodiy omillar – aholining moddiy farovon qatlamining transportdan foydalanish imkoniyatlari;

    2) hududiy omillar – shahar va uning atrofidagi hududlarning sanoat, iqtisodiy va madaniy-maishiy ahamiyati: aholining soni va zichligi, tortishish obyektlariga nisbatan aholini qayta joylashtirish;

    3) tashkiliy omillar – marshrut tarmogʻining zichligi, transport turlari, aholining vaqt sarflashi, xizmat koʻrsatish sifati;

    4) tabiiy-iqlimiy omillar (1)

    Biz transport-kommunikatsiya aloqalari toʻgʻrisida gapirar ekanmiz, bu Oʻzbekiston uchun juda muhim va oʻylantiradigan dolzarb masalalardan biri ekanini taʼkidlashimiz joiz. Shu bois, Oʻzbekiston transport sanoatini rivojlantirishga strategik ahamiyat berib, milliy va mintaqaviy darajalarda transport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda, shuningdek, uni xalqaro transport tizimiga qoʻshish boʻyicha izchil ishlarni olib bormoqda.

    Maʼlumki, Oʻzbekistonning okeanga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqishga imkoni yoʻq va dunyoda bunday davlatlar soni 44 tani tashkil qiladi. Ammo ularning 42 tasi bir mamlakat chegarasidan oʻtsa keyingisi okean. Oʻzbekiston esa buning uchun ikki mamlakat hududini bosib oʻtishi lozim. Okeanga chiqish uchun esa eng yaqin yoʻl bu Afgʻoniston orqalidir. Shu maʼnoda, bugungi kunda yaqin qoʻshnimiz bilan har tomonlama aloqalarni rivojlantirish, bu zaminida tinchlik va barqarorlikning taʼminlanishidan Oʻzbekiston toʻlaqonli manfaatdordir.

    Eʼtiborlisi, Oʻzbekiston saʼy-harakati bilan soʻngi toʻrt yilda Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch, doʻstlik va hurmat muhiti shakllandi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yoʻlaklariga chuqur integratsiyasini taʼminlashdir.

    2019-yil 1-fevralda Transport vazirligi tashkil etildi va u transport sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, respublikaning investitsiyaviy jozibadorligi va eksport salohiyatini oshirish, transport kommunikatsiyalarini strategik rivojlantirish va barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlash maqsadida davlat boshqaruv organi sifatida belgilandi.

    Transport vazirligi tashkil etilgandan soʻng, vazirlik tomonidan Transportning barcha turlari va yoʻl xoʻjaligi rivojlanishi uchun muhim boʻlgan “Transport toʻgʻrisida”gi Qonun hamda “Oʻzbekiston Respublikasi transport tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi” loyihalari ishlab chiqilib, oʻrnatilgan tartibda tasdiqlash uchun kiritildi.Shuningdek, Transport va yoʻl xoʻjaligi sohasidagi normativ-huquqiy bazani mustahkamlash maqsadida 2017-2020-yillarda jami 32 ta normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlandi.

    Asosiy koʻrsatkichlar dinamikasi

    Mamlakatimizda yuk va yoʻlovchi tashish hajmi oʻtgan toʻrt yil davomida sezilarli ravishda oʻsdi. Xususan, 2020-yil yakunida yuk tashuvlar hajmi jami 1 316,0 mln. tonna (2017-yilga nisbatan 121,7 foiz)ni tashkil etgan boʻlsa, yuk aylanmasi 40,2 mlrd. tonna/km. (109,5 foiz)ga yetdi.Shu jumladan,- avtomobil transportida yuk tashuvlari – 1 245,6 mln. tonna, yuk aylanmasi – 16,1 mlrd.tonna/km;- Temir yoʻl transportida yuk tashuvlari – 70,4 mln. tonna, yuk aylanmasi – 24,0 mlrd. tonna/km;- Havo transportida yuk tashuvlari – 5,1 ming. tonna, yuk aylanmasi – 219,1 mln.tonna/km ga oshganini koʻrish mumkin.Shuningdek, avtomobil transporti, temir yoʻllari, havo yoʻllari va elektrotransportda yoʻlovchi tashish hajmi 2019-yil yakunida 6,03 mlrd. yoʻlovchi (2017-yilga nisbatan 106,1 foiz), 2020-yil yakunida esa 5,24 mlrd. yoʻlovchi (2017-yilga nisbatan 92,3 foiz)ga yetdi.Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning eksport-import va tranzit yuklarini (xalqaro yuklar) avtomobil transporti orqali tashish dinamikasida ham oʻsish kuzatilmoqda.2017-yil davomida xalqaro yuk tashuvlari jami 32,2 mln. tonna xalqaro yuk tashilgan boʻlsa, 2020-yilga kelib ushbu koʻrsatkich 47,1 mln. tonnani tashkil etdi. Shu jumladan, 2020-yilda xalqaro yuk tashuvlari hajmi 2017-yilga nisbatan 167 foizga oʻsgan. Shundan eksport yuklar 4 yil ichida 183 foizga, import yuklar 197 foizga va tranzit yuklar 108 foizga oʻsgan.

    Avtomobil transporti sohasida

    Aholiga transport xizmati koʻrsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yoʻlovchilar tashish tizimini yana-da takomillashtirish maqsadida 2017-2020-yillar davomida 394 ta yangi mahalliy avtobus yoʻnalishlari ochildi.Bugungi kunda, olib borilayotgan islohotlar natijasida aholiga va turistlarga yengillik yaratish maqsadida, qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston Respublikalari va Rossiya Federatsiyasiga jami 32 ta muntazam xalqaro avtobus qatnovlari yoʻlga qoʻyildi.Xalqaro qatnovlar geografiyasini kengaytirish maqsadida kelgusida yana 7 ta muntazam xalqaro avtobus yoʻnalishlarini ochish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.Shuningdek, ushbu davr mobaynida jami 70 ta avtovokzal va avtostansiyalarda qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. 2019-yilda xalqaro va mahalliy yoʻnalishlarda sutkasiga 5 ming nafar yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega “Toshkent avtovokzali”ni jahon talablariga muvofiq rekonstruksiya ishlari toʻliq yakunlanib, foydalanishga topshirildi.2017-2021-yillar davomida, tasdiqlangan dasturga muvofiq jami 2 050 ta yangi avtobuslar xarid qilinib yoʻnalishlarga joylashtirildi. 2019-yilda Transport vazirligi huzurida “Uzautotrans service” korxonasi tashkil etilib, 167 ta Yutong rusumli katta hajmli avtobuslar xarid qilinib, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlarda harakatlanmoqda.

    Temir yoʻl transporti sohasida

    “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan 2017-2020-yillarda investitsiya dasturlari doirasida 20,75 trln.soʻm oʻzlashtirildi. Natijada 16 ta loyiha ishga tushirildi. Xususan, “Angren-Pop” temir yoʻl uchastkasining ochilishi munosabati bilan Toshkent-Andijon, Andijon-Moskva, Andijon-Xiva, Andijon-Buxoro, Andijon-Termiz yangi yoʻnalishlarida yoʻlovchi poyezdlarning harakatlanishi yoʻlga qoʻyildi.Yoʻlovchi tashuvlarini rivojlantirish maqsadida Buxoro-Misken yangi temir yul uchastkasi ochilshi munosabati bilan Toshkent-Qoʻngʻrod, Toshkent-Shovot, Toshkent-Xiva, Andijon-Xiva poyezdlar harakat vaqti va yoʻlovchilar oʻz manziliga yetib borishi 2 soatdan 4 soatgacha qisqardi. “Buxoro – Xiva” mahalliy yoʻnalishi hamda “Toshkent – Qozon”, “Toshkent – Moskva”, “Andijon – Ufa” va “Termiz – Moskva” yangi xalqaro yoʻnalishlarda poyezdlarning muntazam qatnovi yoʻlga qoʻyildi.Qarshi-Kitob temir yul uchastkasi elektrlashtirilishi natijasida esa Toshkent-Kitob yoʻnalishida Afrosiyob yuqori tez yurar poyezdi harakati yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, Qoʻqon-Namangan temir yul uchastkasi elektrlashtirildi va qayta taʼmirlanishi ortidan Qoʻqon-Namangan yoʻnalishida elektropoyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyildi. Bekobod va Xovos shahri aholisiga qulaylik yaratish maqsadida esa Toshkent-Bekobod tez yurar elektropoyezdi ylga qyildi.

    Toshkent metropolitenini rivojlantirish maqsadida, 3 ta yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2017-yil 19-mayda “Toshkent shahri yer usti metro liniyalarining qurilishi” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzolagan edi.

    Mazkur hujjat asosida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2020-yilda uzunligi 2,9 kilometr boʻlgan “Turkiston” va “Yunusobod” yer osti metro bekatlari hamda 11,5 kilometr boʻlgan “Doʻstlik – Qoʻyliq” yer usti liniyasi bunyod etilib, jami 7 ta bekat foydalanishga topshirildi. Ayni paytda ushbu yoʻnalishdan kuniga 15 mingdan ortiq yoʻlovchi foydalanmoqda.Shuningdek, 2020-yil oxirida 5 ta bekatdan iborat boʻlgan Sergeli yer usti yoʻnalishi ham qurib bitkazildi. Bugungi kunda mazkur yoʻnalishda har kuni 20-25 ming yoʻlovchi manziliga yetkazilmoqda.Ayni damda yer usti metro liniyasi 2-bosqichining 15 kilometrlik “Qoʻyliq – Qipchoq – Yangi hayot” yoʻnalishini barpo etish ishlari olib borilmoqda. Ushbu yoʻnalishda 9 ta bekat qurilishi rejalashtirilgan.

    Aviatsiya sohasida

    2019-yilda aviatsiya tizimini isloh qilish doirasida “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK negizida “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksionerlik jamiyatlari tashkil etilib, ularning Ustavlari tasdiqlandi. Respublikamizdagi 11 ta xalqaro aeroport baholanib, masʼuliyati cheklangan jamiyatlariga aylantirildi.2019-yilda soatiga 400 yoʻlovchi oʻtkazish quvvatiga ega Termiz aeroportining yangi terminali foydalanishga topshirildi.2017-2020-yillarda Uzbekistan Airways tomonidan 3 ta yangi “Boing-787” va 2 ta yangi “A-320 NEO” havo kemalari xarid qilinib, aviakompaniyaning zamonaviy havo kemalari soni 29 taga yetdi.Parvozlar geografiyasi va tashuvlar sonini oshirish maqsadida:- 2019-yilda haftasiga ikki martadan yangi “Toshkent-Jakarta-Toshkent” va “Toshkent-Tbilisi-Toshkent” yoʻnalishlari ochilishiga erishildi;- “Toshkent-Istanbul-Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha Turkiyaga qatnovlar miqdori haftasiga 17 taga yetkazildi;- Jidda shahriga reyslar sonini haftasiga 7 tadan 14 tagacha oshirildi;- Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda yoʻlovchilarga qulayliklar yaratish maqsadida 2019-yilda:- “Air India” (Hindiston) va “Malindo Air” (Malayziya) aviakompaniyalari bilan yangi interlayn shartnomalari imzolandi;- “Alitalia” (Italiya) aviakompaniyasi bilan amaldagi kod-sher shartnomasi qayta koʻrib chiqildi va yangi yoʻnalishlar qoʻshildi;- 2020-yil 1-avgustdan xorijiy aviakompaniyalarga viloyatlar va Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalqaro aeroportlarida beshinchi darajadagi “havo erkinligi”, “Navoiy” va “Termiz” xalqaro aeroportlarida esa yuk tashuvchi aviakorxonalar uchun yettinchi darajadagi “havo erkinligi”ni taqdim etuvchi “Ochiq osmon” rejimi joriy etildi.

    Yoʻl xoʻjaligi sohasida

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi yoʻl xoʻjaligi tizimini chuqur isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5890-son Farmoniga muvofiq yoʻl qurilishini boshqarish sohasida bir qator islohotlar amalga oshirildi, jumladan:yoʻl xoʻjaligida davlat ishtirokini kamaytirish maqsadida, yoʻl qurilishi korxonalari Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tarkibidan chiqarilib, ularning negizida “Yoʻlqurilish” aksiyadorlik jamiyati, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” jamiyatining “Koʻprik qurilish tresti” unitar korxonasi negizida esa “Koʻprikqurilish” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.Yoʻl qurilishi ishlarini moliyalashtirishda ham yangi tizim joriy etilib, umumiy foydalanishdagi yoʻllarni qurish va taʼmirlash Moliya vazirligi huzurida tashkil etiladigan Avtomobil yoʻllarini rivojlantirish maqsadli jamgʻarmasi, mintaqaviy yoʻllarni qurish va taʼmirlash esa hokimliklar huzuridagi Hududiy maqsadli jamgʻarmalar hisobidan amalga oshirish belgilandi.

    2019-yil davomida respublika avtomobil yoʻllarini qurish, qayta qurish, taʼmirlash, saqlash va jihozlash ishlari boʻyicha 5 021,2 mlrd. soʻm (rejaga nisbatan 104,2 %) miqdorida ishlar bajarilib, 10 211,5 km avtomobil yoʻllarida qurilish va taʼmirlash ishlari (101,2 %) amalga oshirildi. 2020-yil davomida jami 4 57 trln.soʻm (rejaga nisbatan – 104,1 foiz) miqdorida avtomobil yoʻllarini qayta qurish, taʼmirlash va saqlash ishlari bajarilib, 6 178,8 km avtomobil yoʻllari (rejaga nisbatan – 100,6 foiz) qayta qurildi va taʼmirlandi.

    Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tomonidan 2017-2020-yillarda investitsiya dasturlari doirasida jami 924,0 mln.doll. oʻzlashtirildi. Shuningdek 7 ta yoʻl loyihalari doirasida, yaʼni A-380 “Gʻuzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yoʻlining tegishli uchastkalarida Qoraqalpogʻiston Respublikasida 40 km, Xorazm viloyatida 142 km, Buxoro viloyatida 125 km, M-39 “Toshkent-Termiz” avtomobil yoʻlining Surxondaryo viloyatida 100 km qismi toʻliq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.Transport xizmatlari eksporti rejasining bajarilishi.2017 – 2020-yillar davomida jami 3 mlrd. 892 mln. dollarlik transport xizmatlari eksport qilindi, bunda:- temir yoʻl transporti xizmatlari – 1,86 mlrd. doll.;- avtomobil transporti xizmatlari – 77,42 mln. doll.;- havo transporti xizmatlari – 1,94 mlrd. doll.2020-yil 1-avgustdan xorijiy aviakompaniyalarga viloyatlar va Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalqaro aeroportlarida beshinchi darajadagi “havo erkinligi”, “Navoiy” va “Termiz” xalqaro aeroportlarida esa yuk tashuvchi aviakorxonalar uchun yettinchi darajadagi “havo erkinligi”ni taqdim etuvchi “Ochiq osmon” rejimi joriy etildi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech