2017-yildan buyon Oʻzbekiston iqtisodiyotiga 83 milliard dollar investitsiyalar jalb qilingan

    Hukumat 24 Iyun 2021 1321

    Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida investitsiya va eksport sohalarida olib borilayotgan ishlar va yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

    Qayd etilishicha, 2017-yildan boshlab barcha manbalar hisobidan 716 trillion soʻm (83 milliard dollar) yoki oldingi davrga nisbatan 2 baravardan ziyod investitsiyalar oʻzlashtirilgan. Shundan 26,8 milliard dollarini xorijdan jalb qilingan mablagʻlar tashkil etadi.

    Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar – 10,6 milliard dollar, davlat kafolati ostidagi loyihalar uchun – 8,4 milliard dollar, kafolatsiz kreditlar – 6,6 milliard dollar, bank va korxonalarning xalqaro obligatsiyalari – 1,2 milliard dollarlik mablagʻ jalb qilingan. Oʻzlashtirilgan investitsiyalarning qariyb 65 foizi sanoat va infratuzilma loyihalariga toʻgʻri keladi.

    Natijada soʻnggi 4 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti tarkibida sanoatning ulushi 25 foizdan 33 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 1,3 baravarga oʻsdi.

    Jumladan, avtomobilsozlikda ishlab chiqarish – 3,4 baravar, elektrotexnika – 2 baravar, farmatsevtika va qurilish materiallari – 1,4 baravar, metallurgiya – 1,2 baravarga oshdi.

    Tayyor toʻqimachilik va maishiy texnika mahsulotlari eksporti 5 baravarga oʻsdi.

    Ushbu davrda 441 trillion soʻmlik 47 mingdan ziyod yirik, oʻrta va kichik loyihalar ishga tushirilib, 680 mingdan ortiq doimiy yangi ish oʻrinlari yaratildi.

    Shuningdek, soʻnggi 4 yilda mahalliy sanoat, qishloq xoʻjaligi va servis sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun 100 trillion soʻm (10 milliard dollar) investitsiyalar yoʻnaltirildi.

    – 2017-yildan boshlab Oʻzbekiston iqtisodiyotiga 83 milliard dollar investitsiya kirdi. Bu juda katta raqam. Juda koʻp tajriba orttirdik, bir dollarlik investitsiya evaziga qancha ish joyi yaratilyapti, qancha raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqaryapti, sanoat oʻsishi qanday – bugun shularni muhokama qilamiz – dedi Shavkat Mirziyoyev.