Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, yuqori iqtisodiy oʻsishga erishish hisobidan xalqimizning farovonligini oshirish va kundalik hayotidagi muammolarni hal etish, shuningdek, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:
1. Xalq bilan ochiq muloqot natijalari asosida tayyorlangan 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda – Davlat dasturi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Koronavirus pandemiyasi sharoitida tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash choralarini davom ettirish maqsadida quyidagilarning amal qilish muddati 2021-yil 31-dekabrga qadar uzaytirilsin:
turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohalarida faoliyat yuritayotgan subyektlarning yer va mol-mulk soligʻi boʻyicha 2021-yil 1-yanvar holatiga qarzdorligi toʻlanishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi PF–5969‑son Farmonida nazarda tutilgan vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mol-mulk soligʻi va yer soligʻi boʻyicha 2020-yil 31-dekabr holatiga koʻra, mavjud qarziga penya hisoblanishini toʻxtatish va soliq qarzini majburiy undirishga qaratish choralarini koʻrmaslik talabi;
koronavirus pandemiyasi davrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tadbirkorlik subyektlariga 2020-yil 31-dekabr holatigaqoldiqda turgan mol-mulk soligʻi va yer soligʻi boʻyicha berilgan foizsiz kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) summasi;
“xufiyona iqtisodiyot” ulushini qisqartirish uchun soliq auditi oʻtkazishda “tahlika-tahlil” tizimi bosqichma-bosqich joriy etilgan holda soliqlarni va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlab kelayotgan kichik tadbirkorlik subyektlarida soliq auditi oʻtkazilishiga moratoriy.
3. Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy muhofazaga muhtoj talabalarni himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy adolat tamoyilini taʼminlash maqsadida 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab:
a) oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball toʻplagan 200 nafar yoshlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti granti joriy etilsin.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Moliya vazirligi va Davlat test markazi bilan birgalikda 2021-yil 1-aprelga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti grantini ajratish tartibini ishlab chiqsin va oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida ball toʻplagan shaxslar toʻgʻrisidagi ochiq maʼlumotlarni nazarda tutuvchi yagona elektron reyestrni shakllantirsin;
b) oliy taʼlim muassasasida ikki va undan ortiq farzandi shartnoma asosida oʻqiyotgan oilalarga taʼlim krediti berish va talaba tomonidan ushbu kreditni oʻqish davri tugagandan soʻng qaytarish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.
oliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur amaliyotni yoʻlga qoʻyish hamda Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan tijorat banklariga kreditlar uchun maqsadli resurslar ajratishni taʼminlash choralarini koʻrsin;
v) oliy taʼlimga ajratiladigan davlat grantlari soni 25 foizga hamda ehtiyojmand oilalar farzandi boʻlgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni 2 baravarga oshirilsin, shuningdek, xususiy oliy taʼlim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashga davlat granti berish tizimi joriy etilsin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021/2022 oʻquv yili uchun oʻqishga qabul qilishga davlat buyurtmasi parametrlarining tubdan qayta koʻrib chiqilishini taʼminlasin;
g) akademik taʼtil berishning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:
akademik taʼtil olishni istagan talabalar oʻz ixtiyoriga koʻra akademik taʼtil muddatiga taʼlimning sirtqi va masofaviy shakliga oʻtkazilib (agar oliy taʼlim muassasasida bunday taʼlimning shakllari mavjud boʻlsa), ularga uzluksiz mustaqil taʼlim olish imkoniyati yaratiladi;
oilasining betob aʼzosini parvarish qilish sababli anʼanaviy shakldagi taʼlimni davom ettirish imkoniyati boʻlmagan talabalarga ham akademik taʼtilni olish huquqi beriladi;
talabalarga oʻqish davomida akademik taʼtil berilishi boʻyicha miqdoriy cheklovlar bekor qilinadi;
akademik taʼtildan qaytgan talabalarni ilgari oʻzlashtirilgan fanlar boʻyicha qaytadan oʻqitish amaliyoti bekor qilinadi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda akademik taʼtil olishni istagan talabalar tomonidan sirtqi va masofaviy shaklda mustaqil taʼlim olishni tashkil etish, oliy taʼlim muassasalarida eksternat tartibida taʼlim olish boʻyicha huquqiy asoslarni yaratishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
d) ilmiy unvon va ilmiy darajalarni berish vakolati 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab respublikaning nufuzli oliy taʼlim muassasalarining ilmiy kengashlariga bosqichma-bosqich oʻtkazilsin.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda ilmiy darajali kadrlar tayyorlash va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim sohasida davlat boshqaruvi tizimini yana-da takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin.
4. Respublikada talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha iqtidorli mutaxassislarni nufuzli xorijiy taʼlim, ilmiy va boshqa muassasalarda tayyorlashning samaradorligini tubdan oshirish maqsadida 2021-yil 1-apreldan boshlab:
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali nufuzli xorijiy oliygohlarning magistratura va doktoranturasida oʻqishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshirilsin;
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi hisobidan xorijda bakalavriat taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqitish tizimi joriy etilib, 2021-yilda 100 nafar yoshlarning xorijga taʼlim olish uchun yuborilishi taʼminlansin;
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi taʼlim dasturlari boʻyicha nomzodlarni saralashni ochiq stipendiya tanlovi asosida Oʻzbekiston Respublikasining barcha fuqarolari uchun ularning respublikadagi ish va oʻqish joyidan qatʼi nazar muntazam ravishda oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin;
bakalavriat, magistratura va doktoranturada oʻqish dasturlari uchun stipendiya tanlovini nufuzli xorijiy taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasadan oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifnoma asosida oʻtkazish tartibi yoʻlga qoʻyilsin.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi bir oy muddatda davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha aniq choralar koʻrsin.
5. Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar Akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi uch oy muddatda fizika fani va chet tillari boʻyicha uzluksiz taʼlim sifati va natijadorligini oshirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi kompleks dasturlarni ishlab chiqsin:
ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, taʼlim tashkilotlarida mazkur fanlarni oʻqitish metodikasini qayta koʻrib chiqish, amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlarini tashkillashtirish, sohadagi ilmiy tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish;
yangi avlod, shu jumladan, elektron darslik va oʻquv kurslarini yaratish, shuningdek, oʻquvchilarning amaliy koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida oʻquv dasturlarida amaliy va interfaol mashgʻulotlarning ulushini koʻpaytirish;
xorijiy tillarni oʻrganish uchun kengroq imkoniyat yaratish maqsadida bepul til oʻrganish elektron platformalarini yaratish;
ixtisoslashgan maktab (sinf)lar faoliyatini bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish, ularni oliy taʼlim tashkilotlari hamda ishlab chiqarish korxonalari bilan oʻzaro bogʻlash hamda xorijiy mamlakatlardan oʻqituvchilarni jalb etish.
6. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda 2025-yilda Oʻzbekistonda yoshlar oʻrtasidagi IV yozgi Osiyo oʻyinlarini oʻtkazishga puxta tayyorgarlik koʻrish ishlari boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va unda quyidagilar nazarda tutilsin:
respublikada mavjud sport obyektlari va inshootlari, logistika, transport va mehmonxona infratuzilmasini oʻrganish natijasida Osiyo Olimpiya Kengashi va xalqaro sport federatsiyalari talablariga muvofiq ularni taʼmirlash yoki yangilarini qurish boʻyicha takliflarni tayyorlash;
yoshlar oʻrtasidagi IV yozgi Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrishning bosh rejasini unda belgilanadigan har bir tadbir boʻyicha moliyalashtirish manbasi va masʼul ijrochini koʻrsatgan holda tuzish;
Osiyo Olimpiya Kengashi talablariga asosan yoshlar oʻrtasidagi IV yozgi Osiyo oʻyinlari dasturiga kiritiladigan sport turlarini saralab olish va oʻyinlar dasturini ishlab chiqish bosqichlarini belgilash.
7. Aholi salomatligini mustahkamlash va ijtimoiy himoyani kuchaytirish maqsadida:
a) 2021-yil 1-iyuldan boshlab “hamshiralik ishi” bilan mustaqil shugʻullanish uchun oʻrta tibbiyot mutaxassislariga oʻzini oʻzi band qilish asosida ruxsat berilsin;
b) 2021-yil yakuniga qadar mehribonlik uylarining uy-joyga muhtoj 900 nafar chin yetim bitiruvchilari uy-joy bilan taʼminlansin.
Moliya vazirligi keyingi yillar uchun byudjet parametrlarini shakllantirishda mehribonlik uylarining uy-joyga muhtoj yetim bitiruvchilari va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlashga mablagʻlar ajratilishini nazarda tutib borsin;
v) 2021-yilda 22 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti binolari, 31 ta yangi maktab, 16 ta oliy taʼlim muassasalari binolari, 24 ta sogʻliqni saqlash obyektlari hamda 23 ta sport obyektlarining qurilishi taʼminlansin.
8. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning taʼlim olishi va kasb egallashiga koʻmaklashish, ogʻir kasallikka chalingan bolalarni davolash maqsadida Bolalarni qoʻllab-quvvatlash fondi tashkil etilsin va uning maqsadlari amalga oshirilishini moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 100 milliard soʻm ajratilsin.
9. Ilgʻor xorijiy tajriba va keng jamoatchilik takliflari inobatga olingan holda, 2021-yil 1-iyunga qadar nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan quyidagi amaliyot joriy etilsin:
muhtoj aholini protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash amaliyotini sertifikat berish tizimiga oʻtkazib, fuqarolarga oʻz tanloviga koʻra davlat tomonidan beriladigan mablagʻlar (sertifikat) hisobidan istalgan ishlab chiqaruvchidan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari sotib olish imkoniyatini yaratish;
nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan, anatomik nuqsonlari boʻlgan shaxslarni klinik-funksional maʼlumotlarni olishga doir qoʻshimcha tekshiruvdan oʻtkazmasdan turib, ular nogironligi boʻlgan shaxs deb topilganda nogironlikni muddatsiz davrga belgilash.
Sogʻliqni saqlash vazirligi uch oy muddatda tibbiy-ijtimoiy xizmatning mutlaqo yangi modelini shakllantirish choralarini koʻrsin.
10. Pensiya va nafaqalarni tayinlashda fuqarolar uchun yana-da qulay sharoitlar yaratish maqsadida quyidagi tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2021-yil 1-iyundan boshlab:
pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr – 2005-yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi;
uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular boʻyicha aniqlangan ortiqcha toʻlovni undirish bekor qilinadi;
ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush oʻrtoqlari kelgusida pensiya taʼminotiga ega boʻlishlari uchun oʻz daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq toʻlash huquqi beriladi;
pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga koʻra roʻyxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha tayinlanadi va toʻlanadi;
pensiya va nafaqalarni naqd pulsiz shaklda olish uchun arizalar fuqarolar tomonidan Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda – Pensiya jamgʻarmasi) tegishli boʻlimiga murojaat qilmagan holda, tijorat banklari filiallarida bank plastik kartalarini ochish jarayonida yoki bank mobil ilovalari orqali elektron shaklda rasmiylashtiriladi;
fuqarolarning pensiyaga boʻlgan huquqi yoʻqolganligini tegishli vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etiladigan elektron maʼlumotlar asosida aniqlash orqali pensiyalarni naqd pulsiz shaklda oluvchi shaxslar tomonidan har olti oyda Pensiya jamgʻarmasining boʻlimiga kelish hamda masʼul xodimlar tomonidan joylarga chiqqan holda monitoring oʻtkazish majburiyati bekor qilinadi.
11. Pensiya va nafaqalar toʻgʻri tayinlanishi hamda toʻlanishi boʻyicha tekshirishlar natijasida aniqlangan ortiqcha toʻlov summasining 2021-yil 1-fevral holatiga boʻlgan qarzdorligi hisobdan chiqarilsin.
12. Iqtisodiyotni rivojlantirish, shu jumladan, kambagʻallikni qisqartirish va uzoq muddatli barqaror iqtisodiy oʻsishning poydevorini yaratish maqsadida:
a) ishsiz aʼzolari bor oilalarga, jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga dehqonchilik bilan shugʻullanish imkoniyatlarini kengaytirish uchun:
dehqonchilik bilan shugʻullanish uchun, shu jumladan, yangi oʻzlashtirilgan, lalmi, foydalanilmayotgan yer maydonlarida 0,1 gektardan 1 gektargacha yer ajratilishi;
ajratilgan yer maydonlari sugʻorish tizimi (artezian quduqlar, tomchilatib sugʻorish tizimi va boshqalar) hamda elektr energiyasi bilan taʼminlanishi;
berilgan yerlarni oʻzlashtirish uchun (yer haydash, urugʻ, koʻchat xarid qilish va boshqalar) subsidiya ajratilishi yoʻlga qoʻyilsin.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda 2021-yil 1-aprelga qadar har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yoʻnalishidan kelib chiqib, ehtiyojmand oilalarga dehqonchilik bilan shugʻullanish uchun koʻmaklashish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin;
b) tadbirkorlik va oʻzini oʻzi band qilish faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan ishsiz, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak boʻlgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun 7 million soʻmgacha subsidiyalar ajratilishi amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ishsiz aholini tadbirkorlikka va oʻzini oʻzi band qilib ishlash faoliyatiga jalb qilishning yangi mexanizmlari yuzasidan taklif kiritsin;
v) 2021-yil 1-martdan boshlab zargarlik sohasida keng imkoniyatlar yaratish uchun “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK tomonidan kumushni birja orqali zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga erkin sotish tartibi joriy etilsin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bir oy muddatda kumushning ishlab chiqaruvchilarga birja savdolari orqali sotilishi, birjaga qoʻyiladigan kumush hajmlarini shakllantirish va mahsulot boshlangʻich narxini asosli belgilash boʻyicha takliflarni kiritsin.
13. Belgilab qoʻyilsinki, 2021-yil 1-martdan 2022-yil 1-iyunga qadar ichki turizmni ommalashtirish doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish uchun quyidagi xarajatlarning bir qismini qaytarish mexanizmi joriy qilinadi:
aviatashuvchilarga – ichki turizm yoʻnalishlaridagi aviaqatnovlarda avia chipta narxining 25 foizi;
turoperator va turagentlarga – Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun tashkil etilgan turlar yuzasidan avia va temir yoʻl chiptalari narxining 15 foizi hamda joylashtirish vositalarining joylashtirish boʻyicha xizmatlari (mehmonxona xizmatlari) narxining 10 foizi. Bunda, ushbu xarajatlarning bir qismini qaytarish sayohat amalga oshirilgan hududlardagi joylashtirish vositalarida kamida bir kecha tunab qolish sharti bilan taqdim etiladi.
14. Elektr energiyasi va tabiiy gaz taʼminotida monopoliyani bekor qilib, bozor munosabatlarini shakllantirish maqsadida:
suyultirilgan gaz importi uchun belgilangan bojxona boji va uni import qilish uchun talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar bekor qilinsin;
2021-yil 1-iyunga qadar ishlab chiqaruvchi va importyorlar uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan taʼminlash sohasiga bozor mexanizmlarini joriy etish orqali ulgurji bozorni shakllantirish “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilsin.
Energetika vazirligi “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilishini taʼminlasin hamda birinchi bosqichda 2021-yil 1-avgustdan boshlab, yirik korxonalarga elektr energiyasi va tabiiy gazni import asosida sotib olish huquqi berilishini nazarda tutsin.
15. Davlat soliq xizmatida “Soliqchi-koʻmakchi” tamoyili asosida fermer xoʻjaliklarining daromad va xarajatlarini avtomatik shakllantirish va soliq organlariga yuborish imkonini beruvchi elektron tizimni 2021-yil 1-iyulga qadar amaliyotga joriy etish choralari koʻrilsin.
Belgilansinki, davlat soliq xizmatining faoliyatini “Soliqchi-koʻmakchi” tamoyili asosida tashkil etish doirasida oldingi yil uchun daromadlari yillik moliyaviy hisobot maʼlumotlariga koʻra kamida 5 milliard soʻmni tashkil etgan, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlari va fermer xoʻjaliklari soliq monitoringida ishtirok etishga haqli.
16. Vazirlar Mahkamasi, Moliya vazirligi va Hisob palatasining Moliya vazirligi tizimidagi Davlat moliyaviy nazorati departamenti tuzilmasini takomillashtirish va faoliyatining samaradorligini oshirish, ichki audit xizmatlarini tartibga solish tizimini rivojlantirish, shuningdek, oʻtkaziladigan tekshirishlar va ularning natijalari yuzasidan maʼlumotlarni ochiq eʼlon qilib borish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Moliya vazirligi Hisob palatasi bilan birgalikda bir oy muddatda davlat moliyaviy nazorati va ichki audit tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha ishlarni jadallashtirsin.
17. Bojxona nazorati tartib-taomillarini takomillashtirishda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida 2021-yil 1-iyuldan boshlab bojxona nazoratini olib borishning quyidagi tartibi belgilansin:
toifadan tashqari maqomdagi “Masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postlari” sinov tariqasida bosqichma-bosqich tashkil etiladi;
bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini masofaviy boshqarish, inson aralashuvi keskin qisqartiriladi;
chegaralarda veterinariya va fitosanitariya organlari tomonidan yuk tashuvchilarni roʻyxatga olish, hujjatlarni tekshirish, ularga koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlar undirish jarayonini raqamlashtirish orqali umumiy onlayn nazorat amaliyoti joriy etiladi.
18. Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, shu jumladan, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish maqsadida:
a) joriy yilda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratgan holda har bir hududda bittadan tuman (shahar) byudjetini shakllantirishda xarajatlarning kamida 5 foizini bevosita aholining fikr-mulohazalarini inobatga olib, mahalladagi muammolarni hal etishga yoʻnaltirish tartibi eksperiment tariqasida joriy etilsin;
b) 2021-yilda davlat boshqaruvi xodimlari soni oʻrtacha 15 foizgacha optimallashtirilsin.
Moliya vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-martga qadar quyidagi choralarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi kiritilishini taʼminlasin:
boshqaruvda bir-birini takrorlaydigan idoralar, funksiyalar va byurokratik toʻsiqlarni va majlisbozlikni qisqartirish;
koʻp yillar davomida boʻsh turgan shtat birliklarini optimallashtirish;
ayrim davlat funksiyalarini xususiy sektorga oʻtkazish hamda litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni qisqartirish va ularni berish jarayonini avtomatlashtirish hisobiga ish jarayonlarini qayta koʻrib chiqish;
vazirlik va idoralar faoliyatida qaror qabul qilish jarayonlarini soddalashtirish;
raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hisobidan ish jarayonlarini optimallashtirish;
vazirliklarda faoliyatni tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida rejalashtirish tizimini joriy etish;
v) oʻrta va quyi boʻgʻin boshqaruv organlarining faoliyatini tubdan takomillashtirish doirasida:
viloyat, tuman, shahar va mahalla boshqaruvida samaradorlikni oshirish uchun xodimlar soni va maoshi hududning oʻziga xosligi va ish hajmidan kelib chiqib belgilansin;
quyi tizim rahbarlari va xodimlarini yangicha talablar va zamonaviy axborot texnologiyalari asosida samarali ishlashga oʻrgatish va malakasini muntazam oshirib borishning aniq tizimi joriy etilsin;
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda oʻrta va quyi boʻgʻin boshqaruv organlarining faoliyatini tubdan takomillashtirish boʻyicha aniq choralarni koʻrsin;
g) 2021-yil yakuniga qadar amaldagi qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish, shu jumladan, eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan hujjatlarni bekor qilish va tarqoq hujjatlarni tizimlashtirish orqali tartibga solish yukini va tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning darajasini kamaytirish uchun ortiqcha normalarni qisqartirish taʼminlansin.
Adliya vazirligi 2021-yil 1-mayga qadar normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan hujjatlarini bekor qilish boʻyicha ishlarni tashkil etish hamda aniq munosabatlarni tartibga soluvchi hujjatlarni tizimlashtirish boʻyicha takliflarni kiritsin;
d) 2021-yil 1-iyulga qadar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qarorlarni faqatgina maxsus “E-qaror” elektron tizimi orqali tayyorlab, qabul qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.
Adliya vazirligi uch oy muddatda:
mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini tayyorlash, qabul qilish, hisobga qoʻyish va eʼlon qilish boʻyicha elektron axborot tizimini joriy etish;
elektron tizimdan foydalanish, uni yuritish va unda jamoatchilik ishtirokini taʼminlash;
qabul qilinayotgan qarorlarni ijrochi va manfaatdor tashkilotlarga yetkazish va tegishli bazalar bilan integratsiya qilish;
mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarini mazkur tizimda ishlash boʻyicha oʻqitish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
elektron tizim orqali qabul qilinmagan hujjatlarni amalga kiritganlik hamda normativ-huquqiy hujjatlarni adliya organlarida huquqiy ekspertizadan oʻtkazmagan holda qabul qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilash boʻyicha takliflarni kiritsin.
19. Moliya vazirligi 2021-yil 1-maydan boshlab quyidagilarga oid moliyaviy maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalari va Internet jahon axborot tarmogʻida eʼlon qilish amaliyotini joriy etsin:
davlat organlari byudjetdan tashqari jamgʻarmalarining daromadi va xarajatlari;
ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar hamda ularga ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortigʻi tegishli boʻlgan yuridik shaxslar xaridlari;
davlat subsidiya va grantlarining miqdorlari va oluvchilari.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ikki oy muddatda ochiq eʼlon qilinishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatini kengaytirish, shu jumladan, davlat xaridlari va investitsiya loyihalari doirasida hamda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish boʻyicha tashkil etiladigan tender va tanlov komissiyalarining tarkibi, davlat aktivlarining oldi-sotdi va davlat-xususiy sheriklik loyihalari jarayonlari ishtirokchilari, soliq va boshqa imtiyozlar oluvchilar kabi maʼlumotlarni ochiq eʼlon qilish boʻyicha takliflarni kiritsin.
20. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining quyidagilarni nazarda tutuvchi “Ye-Antikorrupsiya” loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kiritilgan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish, soha va tarmoqlar kesimida chuqur tahlillar va jamoatchilik soʻrovlarini oʻtkazish natijasida “Korrupsiyaga moyil boʻlgan munosabatlar elektron reyestri”ni shakllantirish;
“Korrupsiyaga moyil boʻlgan munosabatlar elektron reyestri”ga muvofiq har bir korrupsiyaviy omilni birinchi navbatda raqamlashtirish (elektron navbat, auksion va boshqa zamonaviy usullar), ochiqlikni taʼminlash, jamoatchilik nazorati kabi vositalar orqali bartaraf etish boʻyicha takliflarni ekspertlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari orasida keng muhokamadan oʻtkazgan holda ishlab chiqish;
amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligini va korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga taʼsirini jamoatchilik fikrini oʻrgangan holda baholash va eʼlon qilish.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Bosh prokuratura va Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda “Ye-Antikorrupsiya” loyihasini amalga oshirish mexanizmlari hamda korrupsiyaga moyil boʻlgan munosabatlarni bartaraf etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqsin.
21. Adliya vazirligi bir oy muddatda aholi va tadbirkorlik subyektlarining davlat organlari bilan munosabatga kirishishida byurokratik toʻsiqlarni tubdan qisqartirishga qaratilgan, quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasini kiritsin:
fuqarolarning doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar foydalanishi mumkin boʻlgan davlat xizmatlarining koʻlamini kengaytirish;
davlat, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni koʻrsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlashning yagona identifikatsiya raqamini joriy etish;
davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasida elektron maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyish orqali ular oʻrtasida qogʻoz koʻrinishida hujjat taqdim etish amaliyotiga chek qoʻyish;
fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatilgan davlat xizmatlarining natijalarini pochta aloqasi orqali yetkazish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
“markaz-mahalla-fuqaro” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatib kelinayotgan xizmatlarning har bir oilaga kirib borishini taʼminlash boʻyicha Qarshi shahar tajribasini joriy etish.
22. 2021-yil 1-maydan boshlab mamlakatimizga 2005-yil 1-yanvarga qadar kelib, doimiy yashayotgan, shuningdek, mamlakatimizda 15 yil davomida doimiy yashab turgan fuqaroligi boʻlmagan (chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan) shaxslar tomonidan istak bildirilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olish tartibi joriy qilinsin.
23. Inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi xalqaro standartlar va insonparvarlik tamoyilini keng joriy etish maqsadida:
2021-yil 1-aprelga qadar Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni oʻtash muassasalariga “monitoring tashriflari” tizimini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrish tavsiya etilsin;
2021-yil 1-iyunga qadar jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish va shartli ozod qilish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish vakolati jazoni ijro etish muassasalaridan yangi tashkil etiladigan insonparvarlik komissiyalariga oʻtkazilsin;
2021-yilda 6 tagacha manzil-koloniyalar qisqartirilsin.
24. Keng jamoatchilikning quyidagi takliflari maʼqullansin:
a) yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining asosiy faoliyatini fuqarolarga koʻmak berishga yoʻnaltirish hamda korrupsiyaga imkon beradigan omillarni bartaraf etish choralarini koʻrish uchun:
avtomototransport vositasini texnik koʻrikdan oʻtkazishni eksterritoriallik prinsipi asosida yoʻlga qoʻyish va yangi avtomototransport vositasini texnik koʻrikdan oʻtkazish talabini bekor qilish;
Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyatlar markazlarida bittadan roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon olish boʻlim (boʻlinma)larida fuqarolarning doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan hududidan qatʼi nazar avtomototransport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularga davlat raqami belgilarini berishni amalga oshirish;
barcha roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon olish boʻlim (boʻlinma)larida hamda kamida 20 ta davlat xizmatlari markazlarida milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirishni (shu jumladan, almashtirish yoki yoʻqolgani oʻrniga yangisini berish) fuqarolarning doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan hududidan qatʼi nazar amalga oshirish;
haydovchilik guvohnomasini olishga talabgorlardan imtihon olish jarayonini jamoatchilik tomonidan, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻi orqali kuzatish imkonini yaratish;
ilgʻor xorijiy tajribaga asoslangan holda, avtomobil yoʻllarida yoʻl transport hodisalarining oldini olish hamda oʻlim holatlarini, shu jumladan, piyodalar oʻtish joylarining zamonaviy svetoforlar bilan taʼminlanganlik darajasini bosqichma-bosqich oshirish orqali qisqartirish.
Ichki ishlar vazirligi uch oy muddatda ushbu bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha Hukumat qarori loyihasini kiritsin;
b) respublika hududida davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriyning amal qilish muddatini 2021-yil 31-dekabrga qadar uzaytirish. Bunda:
har bir kesilgan daraxt va butalar uchun kompensatsiya tarzida 10 tup qimmatliligi jihatidan kesiladigan daraxt va butalardan kam boʻlmagan, yirik oʻlchamli koʻchat ekish hamda ularni kamida ikki yil davomida parvarish qilish, noqonuniy kesilgan daraxt va butalar uchun esa uch yil davomida parvarishlash sharti bilan 100 tup koʻchat ekish majburiyati kiritilsin;
daraxt va butalarning kesilishiga joriy etilgan moratoriy talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida daraxt va butalarning noqonuniy kesilishini aniqlagan yoki oldini olgan fuqarolarni ragʻbatlantirish tizimi joriy etilsin.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi ikki oy muddatda atrof-muhitga yetkazilgan zararni qoplash tartibini qayta koʻrib chiqib, tabiatni qayta tiklashga qaratilgan kompensatsiya mexanizmlarini keng joriy etsin.
25. Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda xorijiy mamlakatlar bilan 2021-yilda savdo-iqtisodiy,
investitsiyaviy, ilmiy-maʼrifiy, madaniy-gumanitar va siyosiy sohalarda, shuningdek, xavfsizlik sohasida hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari va tadbirkorlik subyektlari uchun tartib-taomillarni soddalashtirish va maxsus qulay rejimlar taqdim etishni nazarda tutuvchi aniq chora-tadbirlar boʻyicha takliflarni kiritsin.
26. Adliya vazirligi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakati bilan birgalikda:
Davlat dasturi amalga oshirilishining borishini tizimli monitoring qilish, uni sifatli va oʻz vaqtida bajarish uchun qoʻshimcha choralar koʻrish boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqish;
Davlat dasturi amalga oshirilishining borishi toʻgʻrisidagi axborotni har oyda umumlashtirish hamda yakunlarini aniq koʻrsatkichlar va erishilgan ijobiy oʻzgarishlarni, tahliliy axborot koʻrinishida aks ettirgan holda, oʻz veb-saytlarida joylashtirish;
monitoring natijalari toʻgʻrisidagi axborotni har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
Davlat dasturini amalga oshirish yakunlariga bagʻishlangan axborot-tahliliy sharhlarni tayyorlash, ularni xorijiy tillarda eʼlon qilish va keng tarqatishni taʼminlasin.
27. Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasining Davlat dasturining izchil va oʻz vaqtida ijrosini nazorat qilishni quyidagi tartibda amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari Kengashlari oʻz hududlarida Davlat dasturini amalga oshirish boʻyicha oʻn kun muddatda chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi va har oyda oʻz majlislarida muhokama qilib boradi;
Vazirlar Mahkamasi har oyda Davlat dasturi bajarilishini Bosh vazir oʻrinbosarlari va maslahatchilari huzurida tanqidiy koʻrib chiqadi, har chorakda Hukumat Rayosatida muhokama qilib boradi hamda oʻz vaqtida va toʻliq bajarilmagan tadbirlar yuzasidan masʼul vazirlik va idoralar rahbarlariga nisbatan tegishli choralar koʻradi;
Oliy Majlis palatalari har chorakda Bosh vazir va Hukumat aʼzolarining Davlat dasturi bajarilishi yuzasidan axborotlarini eshitib boradi hamda bu borada vazirlik va idoralar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Adliya vazirligi va Hisob palatasi bilan birgalikda har oyda Davlat dasturi bajarilishini nazorat qilib boradi hamda uning oʻz vaqtida va toʻliq ijro etilishini taʼminlash choralarini koʻradi.
28. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga Xalqaro press-klub bilan hamkorlikda:
ushbu Farmonning maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalari va Internet jahon axborot tarmogʻida keng tushuntirilishini;
Davlat dasturi amalga oshirilishining borishi toʻgʻrisidagi xolis va toʻliq maʼlumotning keng jamoatchilikka tezkorlik bilan yetkazilishini taʼminlash tavsiya etilsin.
29. Adliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
30. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Sh.MIRZIYOYEV
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti