Taqdimot YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etildi.
Taqdimotda 2030-yilgacha mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning inklyuziv, adolatli va barqaror shart-sharoitlarini yaxshilash uchun fan, texnologiya va innovatsiyalardan foydalanish boʻyicha belgilangan yoʻnalishlar va ustuvor vazifalar haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, qatnashchilar soʻnggi yillarda yosh olimlar faoliyatiga qaratilayotgan eʼtibor xususida fikr bildirdi.
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov:
— Bugun yosh avlodda olimlik kasbiga qiziqish yuqori. Ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash uchun ajratilgan kvotalar soni ortib borayotgani, har bir sohada yangicha yondashuvlarning qoʻllab-quvvatlanayotgani bunda muhim omil boʻlmoqda. Iqtidorli yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, mavjud ilmiy maktablar salohiyatini rivojlantirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasi tashkil etildi. Quvonarlisi, bugungi kunda Akademiyatning aʼzolari 2800 nafarga yetdi. Shuningdek yosh tadqiqotchilar uchun xalqaro stajirovka dasturi ham yoʻlga qoʻyildi. Bugungi kunga qadar vazirlik koʻmagida 783 naqar yosh olim-tadqiqotchilar xorijda qisqa muddatli ilmiy stajirovka oʻtadi. 2018-2021-yillarda umumiy qiymati 228,8 milliard soʻmlik 372 ta innovatsion ishlanmalar tijoratlashtirilib, ilm-fanga asoslangan 235,3 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarildi.
BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Roli Astana:
— Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda bozor iqtisodiyotini tashkil etish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur chora-tadbirlar mamlakatning fan, texnologiya, innovatsiyalar sohasida muvaffaqiyatga erishishiga xizmat qilmoqda. Alohida taʼkidlash lozim, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishda yangi ishchi oʻrinlaridan to iqtisodiy qiymat yaratishgacha boʻlgan uzluksiz innovatsion ekotizm rivojlanmoqda.
Aytish joiz, iqtisodiyotga ilmiy hajmdor yangi texnologiyalarni joriy qilishda texnologiyalar transferining ahamiyati katta. Vazirlik tomonidan bugungi kunga qadar xorijdagi ilgʻor texnologiyalar transferi asosida umumiy qiymati 3,3 million dollarga teng boʻlgan investitsiya loyihalari amalga oshirildi.
Feruza JOʻRAYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri