Dovrug‘i taralgan ulkan tafakkur sohib­lari — Yolqin To‘raqulov, Mahmud Salohiddinov, Ergash Otaxonovning yurti, qadim o‘zbek san’ati, madaniyati va adabiyotiga ulkan hissa qo‘shgan Parda Tursun, Zafar Diyor, Husniddin Sharipov, Habib Sa’dulla, Sora Eshonto‘rayeva, Habiba Oxunova, Kamoliddin Rahimov, O‘rinboy Nuraliyev, Yoqub Ahmedov, Mirza Azizov, Hoshim Arslonov, Olimjon Salimov, Akmal Nur, Ziyovuddin Mansur, Zulayho Boyxonova, Mehri Abdullayeva singari iste’dodlarni voyaga yetkazgan tabarruk maskandir bu yurt.

Farg‘ona vodiysi shimolida, Shimoliy Farg‘ona kanali va Namangansoy kesishgan yerda joylashgan Namangan shahri bayram arafasida ikki xalqaro ma’rifiy-madaniy anjumanga mezbonlik qildi.

Festival manzillari

“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya ostida boshlangan festival Uychi tumanining Jiydakapa mahallasidan qo‘r oldi. “Shukronalik” bayram tadbirida ishtirok etgan poytaxt ziyolilari va mahalla ahli tomonidan guzarga rayhon, gul va daraxt ko‘chatlari ekdi. Yigirmaga yaqin oilaga “Ibratli oila” maqomi berildi. Shodiyona xonadon egalarining farzandlari tomonidan ijro etilgan she’r va qo‘shiqlarga ulandi.

Ortiqboy ota va Xolposhsha aya to‘qqiz farzandni oq yuvib, oq tarab elga qo‘shdilar. Ularning katta xonadonlari hamisha mahalladoshlar va qo‘ni-qo‘shnilar bilan gavjum. O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi Ortiqboy otaning ibratli umr yo‘li barcha jiydakapaliklar uchun namunadir. Oddiy kimyo-biologiya o‘qituvchisi bo‘lib yigirma yildan ortiq tumandagi 18-umumta’lim maktabida ishlagan, keyinroq o‘n yil davomida Jiydakapa qishloq kengashiga raislik qilgan ustozning viloyat va respublikada yuzdan ortiq shogirdi bor. Farzandlari Ma’sudaxon va Manzuraxon o‘qituvchi, G‘ulomjon, Tojiddin va A’zamjon muhandis, Rivojiddin quruvchi, Zayniddin tadbirkor, Narimonjon olim, Muyassarxon iqtisodchi. Piru badavlat oilada 40 nevara, 111 evara, 12 chevara voyaga yetmoqda.

Yangi Namangan tumani “Mingterak” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Hamidxon Dadaboyev oilasi ham shunday mehnatsevarlik, obodonchilik va tabiatga mehr-muhabbatni o‘zida mujassam etgan ibratli xonadonlardan biri. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, qator yillar mahalla raisi bo‘lib ishlagan Hafizxon Dadaboyev va Rahimaxon ayaning tarbiyasini olgan bu oila ulardan meros mehnatsevarlik va elga beminnat xizmat qilish fazilatlarini o‘z farzandlari hayotida davom ettirib kelmoqda. Hamidxon aka o‘z qo‘li bilan yaratgan serhosil va to‘kin bog‘ avvallari 15 sotixdan iborat tashlandiq yer edi, bugun esa yuzlab turdagi gul va daraxt yashnab o‘sayotgan fayzli maskanga aylandi. Bog‘da turli archalar, rus qayinlari, hind sireni, kashtan, magnoliya, gortenziya, georgina, budleya kabi ko‘plab noyob gul va manzarali daraxtlar parvarishlanmoqda. Xonadon hududidan 50-60 metrcha uzoqlikda sun’iy ariq o‘tkazilgan bo‘lib, undan unumli foydalaniladi. Bog‘ning etak qismida zirk, chilonjiyda, lavr yaprog‘i, anor, anjir, olma kabi turli meva va manzarali daraxtlar bor. Yerdan samarali foydalanish maqsadida erta bahorda qazib olingan kartoshka o‘rniga beda va suli ekilib, xonadondagi 20 ga yaqin qo‘y-qoramol hamda 50 ga yaqin parranda uchun ozuqa g‘amlanyapti. Yerdan unumli foydalanish ishlari takroriy ekinlar ekish bilan ham davom ettirilmoqda.

Yangiqo‘rg‘on tumani Ravot mahallasida istiqomat qiluvchi, mehnati, tashabbus­korligi va tadbirkorlik faoliyati bilan mahalla ahliga namuna bo‘layotgan, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini ta’minlashda alohida o‘rnak ko‘rsatayotgan Qurbonali Meliboyevni mahalladoshlari juda hurmat qilishadi. Beshta xorijiy tilni mukammal egallagan Qurbonali qator maishiy xizmat va oziq-ovqat shoxobchalari ochib, 20 dan ortiq mahalladoshini ish bilan ta’minlagan. Saxovatpeshaligi va tashabbuskorligi bilan yaxshi tanilgan Tohirjon Yo‘ldoshevning dehqonchilik va chorvachilik yo‘nalishida tadbirkorlikni keng rivojlantirgani, shu bilan birga, sarimsoq, lola va turli urug‘chilik mahsulotlari yetishtirishdagi samarali mehnati diqqatga sazovor.

Ibratli oilalar misolida ko‘rish mumkinki, farovonlik faqat tayyor ne’matni kutish bilan emas, balki mavjud imkoniyatdan oqilona foydalanish, yerga mehr bilan ishlov berish, har bir xonadonni obod maskanga aylantirish va farzand­larga mehnatsevarlik namunasini ko‘rsatish bilan yaratiladi. Eng muhimi, bu xonadonlarda yetishtirilayotgan meva-sabzavot, gul va ko‘chatlar oila ehtiyojini ta’minlash bilan birga, kelajak avlod uchun ham ezgu meros bo‘lib xizmat qilmoqda. Zero, obod xonadon — obod mahalla, obod mahalla esa farovon yurt demakdir.

Namangan shahrining “Uch favvora” maydonida poytaxt san’atkorlari ishtirokida gala-konsert boshlanadi. “Nihol” mukofoti sovrindori Adolat Ismoilovaning xalqona qo‘shig‘iga barcha ishtirokchi qizlar jo‘r bo‘ladi:

— Namanganning olmasi, anori bordir-yey...

“Shijoat” loyihasi bilan

Yangiqo‘rg‘on tumanining Nanay qish­log‘i qo‘shni Qirg‘izistonning Karvon va Olabuqa tumanlari bilan chegaradosh. 16 mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgan bu so‘lim qishloqdagi “Musaffo” madaniyat saroyida bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Turg‘un Beknazarov ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar markazning Sherali Normirzayev rahbarligidagi yosh ijrochilari qo‘shiqlariga ulanib ketdi.

Tumanning tog‘ qismida, bahavo adirlarda joylashgan 9201-harbiy qism askarlari ham “Mustaqillik to‘yi” festivalining ajoyib ishtirokchilari bo‘ldi. Poytaxtdan kelgan mehmonlar va namanganlik ijodkorlar taqdim etgan qiziqarli kitoblar hamda ota-onalar bilan diydorlashuv askarlarga xushnudlik baxsh etdi.

Harbiy qismda askarlik burchini o‘tayotgan buxorolik Shohruhbek va Zilolaxon Navro‘zovning ikki farzandi bor. Maroqli konsertdan huzurlanib, Zilolaxon bunday deydi:

— Harbiy xizmatchining oilasi bo‘lish sharafli. Mana shu yonimizdagi tog‘lar ortida boshqa davlat odamlari yashaydi. O‘zbegu qirg‘iz ayollar to‘y-bayramlarni birga nishonlaymiz. Turmush o‘rtog‘im Vatan himoyasida bo‘lsa, biz bolalarni — bo‘lg‘usi Vatan himoyachilarini tarbiyalaymiz. Tinch va osuda yurtning bayramlari ko‘p bo‘lsin!

O‘zbekiston xalq artisti Muhammadsoli Yusupovning “Askar yigit” monologi yangraydi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Turg‘un Beknazarovning “Onajonim” ashulasi esa davraga fayz bag‘ishlaydi.

“Ziyorat odobi” loyihasi doirasida Chortoq tumanidagi Uvays Qaraniy ziyoratgohida ziyorat maskanlarining ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati, ajdodlarimiz merosini asrab-­avaylash, ziyorat odobiga rioya qilish hamda milliy qadriyatlarimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lish masalalari haqida fikr almashildi. Loyiha doirasida ishtirokchilarga ziyorat madaniyati, ezgulik, shukronalik va insoniy fazilatlar targ‘ib qilinib, Uvays Qaraniy ziyoratgohining tarixiy hamda ma’naviy ahamiyati haqida ma’lumot berildi.

Namangan tumanining Pastki Qiyot mahallasida istiqomat qilayotgan Toshpo‘latovlar xonadonida “Shijoat” loyihamiz “Qahramonlar barhayot” shiori bilan davom etdi.

Biz 2000-yilning avgust-sentyabr oylarida Surxondaryoning Sariosiyo va Uzun tumanlarida terrorchi bosqinchilarni bartaraf etishda maxsus batalyon shaxsiy tarkibida jangovar topshiriqni bajarayotib, qahramonlarcha halok bo‘lgan oddiy askar Kamoliddin Toshpo‘latovning xonadonidamiz. Kamoliddinning onasi Ma’muraxon Toshpo‘latova boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lgan hamda Kamoliddin to‘rtinchi sinfda o‘qib yurgan vaqtida vafot etgan. Bolaligida ona mehriga to‘ymagani sababli “Mehr bera oladigan qizga uylanaman”, deb oldiga maqsad qo‘ygan Kamoliddinning taqdiri o‘ziga matematika fanidan saboq bergan o‘qituvchisining qizi Gulnozaxon bilan tutashdi. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lgan Gulnozaxon ham turmush o‘rtog‘i halok bo‘lgan vaqtda tug‘ilajak farzandi va ikki yoshli o‘g‘li Umidjon bilan yolg‘iz qolgan edi. Hayot so‘qmoqlarida ko‘pgina qiyinchiliklarni yengib o‘tgan Gulnozaxonning bugungi kunda ishongani va suyangan tog‘lari alp qomatli ikki o‘g‘lidir. Farzandlarining kattasi Umidjon axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritmoqda. Kichigi Mirkomil esa Favqulodda vaziyatlar vazirligining Namangan tumani bo‘limida bosh inspektor lavozimida xizmat qilmoqda.

Qaysi yurtning farzand­lari bilimdon va zakovatli bo‘lsa, o‘sha yurtda rivojlanish bo‘ladi. Yangi o‘quv yiliga shay qilib tayyorlanayotgan Namangan davlat pedagogika instituti auditoriyalari va o‘quv-laboratoriya xonalarida talabalar hamda ustozlar bilan suhbatlashdik. Suhbat jarayonida “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respub­lika tanlovining 5 g‘olibi, jumladan, xorijiy til va adabiyoti yo‘nalishi talabasi Madina Toshmatovaning “Smart bag” hamda “Tour 4 ALL” loyihasi, maktabgacha ta’lim yo‘nalishi talabasi Umida Yo‘ldoshevaning “Ekoqum” va “Ekoplastlin” loyihasi, tasviriy san’at va muhandislik mutaxassisligi magistri Shahlo Mamajonovaning “San’at asarlari himoyachisi” innovatsion loyihasi bilan qo‘lga kiritgan yutuqlari va yangi rejalarini tinglab quvondik.

Bir so‘z bilan aytganda, hududi ozoda, gulzoru gulxonaga aylantirilgan oliygohning mehnatu ijodi, bilim olishiyu yashash sharoiti namunali bo‘lgan bilimdon va orasta yoshlarining g‘alabalaridan quvonayotgan professor-o‘qituvchilarning faxr-iftixori ko‘nglimizga fayzu shukronalik umidlari va niyatlarini singdiradi.

O‘zimizning Ikromxon aka

Namangan va namanganliklar borasida so‘z ketganda “Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi raisi, senator Ikromxon Najmiddinov haqida so‘zlamasdan iloji yo‘q. Chunki uni butun viloyat ahli e’zozlab, ­“O‘zimizning Ikromxon aka” deyishadi.

Biz festival tadbirlari bilan Yangi­qo‘rg‘onda, Chustda yoki To‘raqo‘rg‘onda bo‘lamizmi, bu fidoyi insonning xonadonma-­xonadon yurib, obodonchilik ishlari, ehtiyojmand oilalar ro‘zg‘ori, ibratli oila­larning tutumi bilan yaqindan tanishib, xalqning bayram kayfiyatiga kayfiyat qo‘shayotganiga va elu yurtning og‘ir-yengil masalalarini joyida hal qilib ketayotganiga guvoh bo‘ldik. Shuningdek, otaxonlar bilan gul ekib, bolalarga bayram sovg‘alari ulashib, mustaqillik ne’matlari haqida mahalla­doshlar bilan qilayotgan gurung­larini kuzatdik. U Nanay qishlog‘idagi suhbatda viloyatdagi mavjud 754 ta mahallada “Mahallada obodlik va mehr-saxovat ­oyligi” doirasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab, “yettilik” oldida turgan vazifalarga to‘xtalar ekan, bunday deydi:

“Bundan 2-3 yil oldin viloyatimizga tashrif buyurgan inson bugungi Namanganni tanimaydi. Yangidan yangi ishlab chiqarish korxonalari, xizmat ko‘rsatish infratuzilmalari, barpo etilayotgan bino-inshootlar hamda Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi ko‘cha va komplekslar barchamizni lol qoldirmoqda. Har qanday taraqqiyot va voqelik tirik tarix saboqlari, qiyoslash, solishtirish va tahlil orqali yorqin namoyon bo‘ladi.

Bugungi kunda viloyatimizdagi 72 ta kichik sanoat zonasida tashkil etilgan ishlab chiqarish korxonalarida 75 mingta yangi ish o‘rni yaratildi, sanoatda ishlab chiqarish haj­mi keskin ortdi. Viloyatda 2017-yilda 180 ta xonadonli 8 ta ko‘p qavatli uy qurilgan bo‘lsa, 2025 yilda qariyb 170 ta ko‘p qavatli uy barpo etildi. Boshqacha aytganda, bir yilning o‘zida 8500 ta oila yangi uylarga ega bo‘ldi, shu yilning o‘zida 8 ta ko‘chani to‘liq rekonstruksiya qilish boshlandi. Hozir bir necha yildan buyon deyarli yaroqsiz holatga kelib qolgan, o‘ta tor Norin-Andijon ko‘prigi rekonstruksiya qilinib, 4 tasmali ko‘prik bunyod etilmoqda. Pop-Namangan yo‘lini kengaytirish namanganliklarning ko‘p yillik orzusi edi, hozir xorijiy hamkorlar ishtirokida u to‘liq rekonstruksiya qilinyapti. Har birimiz vatan ravnaqi yo‘lidagi mehnatimiz bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishimiz kerak. Zotan, ziyolilar mustaqillik ne’matlarining qadri va shukronasini elga, yoshlarga yetkazishlari zarur”.

Senator Ikromxon Najmiddinovning so‘zlarini tinglar ekanman, bor hayotiy tajribasini, umr mazmunini shu yurt taraqqiyotiga bag‘ishlagan bu fidoyi insonni namanganliklar qanday hurmat qilishi va e’zozlashiga guvoh bo‘ldim. Ikromxon aka qaysi tuman, qaysi mahalla yoki qaysi bir xonadonga bormasin, uni o‘zining jigari, otasi yoki birodari kelganday hurmat bilan kutib olishdi. Shularni ko‘rib, o‘zgalarning tashvish va muammolariga og‘rinmay yechim topadigan, eldoshlarning to‘yiga yelka tutib, tashvishli kunlarida yonma-yon turadigan insonlar yurtning faxru ziynati ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim.

Ikki qo‘li, o‘n barmog‘i hunar bo‘lgan bu elning, mehnatu nafosatning dunyo yaratiqlaridagi eng go‘zal namunalarini barpo eta olgan gulu gulzor Namanganning bunday daryodil, mehnatkash insonlari bor ekan, elning ertangi kunga ishonch va umidlari yuksalaveradi!

Sayyora TO‘YCHIYEVA,

“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, professor