Tashrif Uzreport hamda Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan bitiruv oqshomi doirasida tashkil etildi.

Joriy o'quv yilida umumiy o'rta ta'lim muassasalarining 11-sinfini 451 053 nafar o'quvchi bitirib chiqqan bo'lsa, shulardan 6901 nafari oltin va kumush medallariga loyiq deb topilgan.

Aytish joizki, bitiruvchilarga medallar Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-fevraldagi “Umumiy o'rta ta'lim muassasalari va akademik litseylar bitiruvchilarini rag'batlantirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan ta'lim muassasalarida tantanali ravishda topshirilishi lozim.

Biroq joriy yilda mamlakatimizdagi karantin holatini inobatga olib, barcha hududlarda medallar bitiruvchilarga karantin qoidalariga rioya qilingan holda topshirilmoqda.

Mazkur rag'bat 2019-yildan buyon o'quvchilarning ta'lim va tarbiyaga bo'lgan ishtiyoqini oshirish va ular orasida sog'lom raqobat muhitini rivojlantirish, iqtidorli o'quvchilarni qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish, ularning sifatli ta'lim olishga bo'lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida topshiriladi.