2020-yilda Oʻzbekistonda Internetdan foydalanuvchilar soni 22,5 million kishiga yetdi, bu 2016-yilga nisbatan deyarli 17 foizga koʻp (17,9 million kishi). Shu davrda optik tolali aloqa liniyalarining uzunligi 2,5 barobarga oshdi, ularning umumiy uzunligi 55,6 ming kilometrga yetkazildi, 2016-yilda esa bu koʻrsatkich 22 ming kilometrni tashkil etdi.

Forumda 2020-2022-yillarda butun mamlakat boʻylab aholi punktlarini Internet bilan qamrab olish darajasini oshirish, xususan, keng polosali ulanish portlarini 2,5 million donaga yetkazish, 20 ming kilometr optik-tolali kabellarni yotqizish rejalashtirilganligi taʼkidlandi. Uyali aloqa tarmoqlarini rivojlantirish orqali aholining mobil Internet bilan qamrovini 95 foizgacha oshirish koʻzda tutilgan.

Hozirgi kunda respublikada raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat elementlarini izchil joriy etishga, shuningdek, bank sektorini raqamlashtirishga qaratilgan 260 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Tadbirkorlik subyektlari va tadbirkorlar uchun bir zumda toʻlovlar tizimi 24/7 rejimi ishga tushirildi.

Shuningdek, raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 2,2 foizni tashkil etishi qayd etildi. 2023-yilga qadar ushbu koʻrsatkichni ikki barobarga, elektron hukumat xizmatlari ulushini esa 2022-yilga kelib 60 foizgacha oshirish rejalashtirilganligi taʼkidlandi.