2020-yilda oziq-ovqat narxi soʻngi uch yil ichida eng yuqori darajaga koʻtarildi

    Dolzarb 8 Yanvar 2021 920

    Asosiy oziq-ovqat narxlari uch yillik rekord darajasiga yetdi. Ular 2020-yilning soʻngi yetti oy davomida uzluksiz oshib borgan. Koʻproq sut mahsulotlari va oʻsimlik yogʻi qimmatlashdi.

    Bu haqda Birlashgan Millatlar tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) xabar beradi.

    2020-yil dekabr oyi oxiriga kelib oziq-ovqat narxlarining FAO dagi oʻrtacha indeksi 107,5 bandni tashkil etdi. Bu noyabr oyiga qaraganda 2,2 foiz, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan esa 3,1 foizga yuqori demakdir. 2020-yilning natijasiga koʻra, dunyo boʻylab eng talabgor oziq-ovqat turlarining narx-navosidagi oʻzgarishni kuzatib borish imkonini beradigan ushbu indeks mezoni soʻngi uch yil ichida eng baland koʻrsatkichlarni egalladi, deb xabar beradi BMT matbuot xizmati.

    Oʻtgan oyda don mahsulotlari narxi noyabr oyiga nisbatan 1,1 foizga oʻsgan, 2019-yilning mos davriga nisbatan esa — 6,6 foizga. Dekabr oyida bugʻdoy, makkajoʻxori, joʻxori va guruchlarning eksport narxi oshgan. Bunga qisman Shimoliy va Janubiy Amerikada, hamda Rossiya Federatsiyasida yuzaga kelgan noqulay ob-havo sharoiti tufayli hosildorlikning pasayish xavfi ham turtki boʻldi.

    Oʻsimlik yogʻi 4,7 foizga oʻsib, 2012-yil sentyabr oyidan beri eng yuqori koʻrsatkichga yetdi. Oʻtgan oyda sut mahsulotining narxi 3,2 foizga, goʻshtning narxi esa 1,7 foizga oʻsgan. Bundan avvalgi oyda narxi sezilarli darajada koʻtarilgan shakar esa 0,6 foizga arzonlashgan ham.

    Narxlar indeksi jahon bozorida sotiladigan oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabdan kelib chiqariladi.