Biznes-ombudsmanning viloyatdagi xodimlari tomonidan tadbirkorlardan 2020-yili kelib tushgan 216 ta murojaatdan 171 tasi koʻrib chiqilgan boʻlib, ulardan 115 tasi yoki 67 foizi ijobiy hal etilgan.
Murojaatlar asosan bank-kredit, yer ajratish, kompensatsiya va mahalliy hokimiyat organlari xatti-harakatlari, shartnomaviy munosabatlar, ruxsatnoma va litsenziya, soliq masalalari va sud qarorlari ijrosi yuzasidan boʻlgan.
Ularning aksariyati Namangan shahri, Pop, Chust va Chortoq tumanlariga toʻgʻri kelgan.
Kelib tushgan murojaatlar, oʻtkazilgan tekshirish va tahlillar asosida tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan 8 ta daʼvo arizasi, 21 ta taqdimnoma, 2 ta xulosa, 7 ta ogohnoma va 71 ta maʼmuriy huquqbuzarlik haqidagi bayonnoma, jami 109 ta taʼsir chorasi qoʻllanilgan.
— Davlat organlariga kiritilgan taqdimnomalar asosida oʻz xizmat vazifasini lozim darajada bajarmagan 25 nafar rahbar-xodim intizomiy javobgarlikka tortilgan boʻlsa, ikki nafari vazifasidan ozod etildi. Tadbirkorlik faoliyatining toʻsqinliksiz amalga oshirilishini taʼminlash yuzasidan oʻtkazilgan monitoringlar natijasida 700 ga yaqin qonun buzilishi holati aniqlanib, 24 nafar mansabdor shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi, — deydi biznes-ombudsmanning viloyatdagi yetakchi inspektori Husniddin Ahmedov.
Unga koʻra, viloyatda 2020-yili 96 ta noqonuniy hujjatning bekor qilinishi, ortiqcha undirilgan 536 million soʻm tadbirkorlik subyektlariga qaytarilishi, asossiz hisoblangan 134,2 million soʻm soliq toʻlovi hisobdan chiqarilishiga erishildi.
Koʻrilgan choralar natijasida viloyatda hozirgi kunda 970 ta boʻsh yer uchastkasi aniqlanib, ularning 577 tasi E-ijro auksion savdo maydonchasiga yuborildi, 195 ta yer maydoni sotilishi taʼminlandi.
Matbuot anjumani davomida biznes-ombudsmanining viloyatdagi vakillari jurnalist va blogerlarning savollariga batafsil javob berdi.