Ta'kidlash joizki, aliment undirish to'g'risidagi ijro hujjatlarining ijrosini ta'minlash bugungi kunning dolzarb yo'nalishlardan biri hisoblanadi. Jamiyatimizda oila qadriyatlariga yuzaki yondashish, o'zaro kelishmovchiliklar oqibatida oilalarning ajralishi holatlarini yildan yilga o'sishi - o'z navbatida, aliment undirishga doir ijro hujjatlari sonining ortib ketishiga olib kelmoqda. Jumladan, 2015 yilda aliment va moddiy ta'minot undiruvlari bo'yicha jami 207 mingta ijro hujjati mavjud bo'lgan bo'lsa, 2021 yilda bu ko'rsatkich 402 mingtani tashkil etib, keyingi 6 yil davomida ish yurituvdagi aliment bo'yicha hujjatlar 94 foizga o'sganligini ko'rsatmoqda.
Bugungi kunda Byuro organlari ish yurituvida 300 mingdan ortiq aliment va moddiy ta'minot undiruvi bilan bog'liq ijro hujjatlari mavjud bo'lib, har bir davlat ijrochisiga oyiga o'rtacha 120 tadan shu toifadagi ijro hujjatlari to'g'ri kelmoqda. YOki, sodda qilib aytganda kelib tushayotgan 193 mingdan ortiq murojaatlarning 116 mingdan ziyodi (60,1 foizi) alimentga oid murojaatlardir.
Ishsizlik oqibatida aliment to'lovlarini o'z vaqtida to'lamaslik holatlari Respublikaning boshqa hududlarida ham kuzatilgani bois qarzdorlarni davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda imkoniyat darajasida ishga joylash choralari ko'rildi. Natijada, 47 ming 500 dan ortiq (shundan 1,7 mingtasi yanvar` oyida) aliment to'lovchilari bandligi ta'minlanib, undiruv ularning ish haqlariga qaratildi.
Mavjud muammolarga o'zgacha yondashib, aliment undirish bilan bog'liq ijro hujjatlari yuzasidan boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda olib borilgan amaliy tadbirlar samarasi o'laroq, 23 ming 300 dan ortiq oilalar yarashtirildi. Moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 127 mlrd. so'mlik aliment pullari undirildi, 6,5 mlrd. so'mlik (50 ta) uy-joy va 1,6 mlrd. so'mlik (20 ta) transport vositasi aliment uchun oldindan to'lov sifatida berilishi ta'minlandi.
Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan 2021 yil 1 martdan aliment majburiyatlari bajarilishini masofaviy monitoring qilish bo'yicha tizim yaratildi. Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimiga 295 ming aliment oluvchi hamda to'lovchi shaxslar haqidagi ma'lumotlar kiritilib, ijro harakatlarini “onlayn” rejimda tanishib borishlari mumkin. Hozirda ham aliment oluvchi fuqarolar nomiga bank hisob-varag'i ochilib, ularga 146 mingdan ortiq plastik kartochkalar tarqatildi.
Tahlillarga ko'ra, 2021 yil davomida alimentni o'z vaqtida to'lamagan qarzdorlarga nisbatan 8.345 ta ma'muriy va 591 ta jinoyat ishlari qo'zg'atilgan. Sudlarga yuborilgan 900 dan ortiq ma'muriy material bo'yicha qarzdorlarga jazo qo'llanilmagan. Buning asosiy sabablaridan biri - huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxslar sud jarayonlarida, o'z mas'uliyatini his qilib, alimentdan bo'lgan qarzdorlikni to'liq to'lab berishgan.